Mustaqil komissiya Polat Shamshetovning tergov hibsxonasidagi o‘limi tafsilotlarini ochiqladi
Hodisa joyi marhumning advokati, yaqin qarindoshlari va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.

7 fevral kuni Qoraqalpog‘istonda 2022 yil iyul oyida yuz bergan holatlar va voqealarni o‘rganish bo‘yicha Mustaqil komissiya aʼzolari hamda Ombudsmanning Buxoro viloyati mintaqaviy vakili marhum Polat Shamshetovning o‘limi sabablarini o‘rganish maqsadida 4-sonli Tergov hibsxonasida bo‘lib, uning o‘limi yuzasidan rasmiy bayonot berdi.
Qayd etilishicha, o‘lim sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Olingan dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, marhum Polat Shamshetov o‘pka arteriyasi tromboyemboliyasi, o‘tkir yurak-qon tomiri yetishmovchiligi oqibatida vafot etgan.
Taʼkidlanishicha, o‘rganish ishlari davom etmoqda.
Mustaqil komissiya aʼzolari 6-mintaqaviy muvofiqlashtiruvchi markaz boshlig‘i podpolkovnik Sh.Radjabov , hibsxona boshlig‘i podpolkovnik U.Asadov va hibsxona tibbiyot bo‘limi boshlig‘i mayor N.Po‘latov, shuningdek, marhum Polat Shamshetov vafot etgan kuni hibsxonada navbatchilikda bo‘lgan tibbiyot bo‘limi feldsheri – katta serjant D.Temirov hamda tartibot va qo‘riqlash bo‘limi korpus katta safdori R.Jumayev bilan holat yuzasidan suhbatlashgan.
Shuningdek, qayd etish hujjatlari hamda hibsxonada saqlanayotgan shaxslar va xizmat olib borayotgan xodimlar harakatini nazorat qilish maqsadida o‘rnatilgan videokuzatuv kameralari yozuvlarini o‘rgangan.
“Komissiya aʼzolari marhum Polat Shamshetov bilan hibsxonaning kamerasida birga saqlangan shaxslar S.Sh. va M.B. bilan holat yuzasidan alohida suhbatlashdi. Ular marhum Polat Shamshetovga nisbatan ruhiy yoki jismoniy tazyiqlar o‘tkazilmagani, bu haqda marhumning o‘zi ham biror marta shikoyat qilmaganini qayd etdi”, — deyilgan rasmiy bayonotda.
Qolaversa, Mustaqil komissiya marhum Polat Shamshetov vafot etgach, hodisa joyi Buxoro viloyati prokurori rahbarligidagi tezkor-tergov guruhi, viloyat IIB boshlig‘i, sud-tibbiy ekspertiza mutaxassislari, Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili, marhum Polat Shamshetovning advokati va yaqin qarindoshlari va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganini qo‘shimcha qilgan.







