Falajlangan qo‘llar funksiyasini tiklash texnologiyasi yaratildi
Bu bo‘yicha olimlar tadqiqot o‘tkazdi.

AQSHning Kolumbiya universiteti olimlari tomonidan orqa miya jarohati tufayli falajlangan qo‘l panjalari funksiyasini qayta tiklash texnologiyasi yaratildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.
Ushbu yangilik miya va orqa miya stimulyatsiyasi orqali “ishlamayotgan” nerv tolalarini qo‘zg‘atishga asoslangan. Doktor Jeyson Karmela ishlab chiqqan mazkur muolaja usuli hozircha jonivorlarda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilgan.
Davo sxemasi quyidagi tartibda bajarildi: jarohatdan 10 kun o‘tgach, ketma-ket 10 kun davomida 30 daqiqalik maxsus terapiya amalga oshirildi. Natijada xasta jonivorlar yana sog‘lom hayotga qaytdi.
Yangi texnologiya asab tizimidagi uzilishlarni tiklashga qaratilgan. Bunda 10 millisoniya ichida elektr stimullari qo‘l harakati uchun zarur bo‘lgan normal signallarni taqlidan amalga oshiradi. Bu bemordagi buzilgan funksiyalarni qo‘zg‘atishga turtki bo‘ladi.
Tadqiqotchilar xulosasiga ko‘ra, yangi muolaja usuli insonlarda ham muvaffaqiyatli sinovdan o‘tsa, u falajlangan qo‘l va oyoqlarni tez, oson va samarali tuzatish imkonini beradi.








