YеI Rossiya neft mahsulotlariga chegara narxlarni belgiladi: bu natija beradimi?
5 fevraldan Yevropa Ittifoqi AQSH va Buyuk Britaniyaning Rossiya dizel yoqilg‘isi va boshqa neft mahsulotlariga joriy etgan cheklovlariga qo‘shildi. Bu YEIning RF bilan energetik aloqalarining yana bir yo‘nalishi uzilishini anglatadi.

Embargo o‘rniga Bryussel Rossiyada ishlab chiqarilgan neft mahsulotlarga chegara narxni belgiladi. Bundan 2 maqsad ko‘zlangan. Bir tomondan RF byudjeti daromadlarini qisqartirish nazarda tutilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan shusiz ham narxi baland bo‘lgan dizel bahosini tushirish maqsad qilingan. Bunga qadar 2022 yil iyunida Moskvaga qarshi sanksiyalarning oltinchi paketi doirasida Rossiya nefti importiga cheklov joriy etilgandi.
Neft mahsulotlari embargosi boshqa bir cheklov — rus neftini dengizdan yetkazib berish bo‘yicha taqiq bilan birga qabul qilindi. Bu tartib ikki oydan buyon ishlamoqda va tahlilchilar ushbu taqiq natija ko‘rsatayotganini aytishmoqda. Ekspertlarning fikricha, neft xomashyosining chegara narxlari YEIga salbiy taʼsir ko‘rsatmadi, ammo RF byudjetiga og‘ir zarba bo‘ldi. Ammo dizel sotib olishga cheklovlar va boshqa neft mahsulotlariga nisbatan qo‘llangan embargo Yevropa bozorida noaniqlikni yuzaga keltirdi — qitʼada bu yoqilg‘i turining zaxiralari tarixiy minimum holatida.
Dizel narxining oshishi
FGE energetik konsalting kompaniyasi ekspertlari Yudjin Lindell va Joshua Foldsning fikricha, neft xomashyosini o‘rnini to‘ldirish oson bo‘ldi. Ularning qo‘shimcha qilishicha, dizel narxini Yevropa qay darajada muqobil yetkazib beruvchilarni topishi va Moskva o‘z mahsulotini yangi bozorlarga qay darajada tez yo‘naltira olishi kabi omillar belgilaydi.
Agar bu savollarning bittasiga bo‘lsa ham salbiy javob berilsa, YEI sanksiyalari dizel yoqilg‘isiga bog‘liq sohalar, jumladan, transport va qishloq xo‘jaligiga jiddiy zarba berishi va inflyatsiyaning yana-da o‘sishiga olib kelishi mumkin.
Ekspertlar xavotiriga so‘nggi bir yarim yilda dizelning narxi YEIda yuqori bo‘lib qolayotgani va neft mahsulotlari zaxirasi kamligi sabab bo‘lmoqda. Yaqin istiqbolda narxlar yana-da oshishi ehtimoli bor: ushbu turdagi mahsulotlar uzoq hududlardan tashib kelinayotgani uchun transport xarajatlari baland, ayrim yetkazib beruvchi davlatlar, xususan, AQSHda ishlab chiqarish xarajatlari ko‘proq va yetkazib beruvchilar avvalgidan ko‘ra ko‘proq tavakkal qilishi kerak.
“Bozor hozir o‘ta nozik holatda va xavotirlarga to‘la. Xalqaro bozorlar Rossiya eksporti haqiqatdan ham yo‘nalishini o‘zgartirganiga amin bo‘lishi kerak. Bu amalga oshgan taqdirda vaziyat yaxshilanadi”, – degan FGE tahlilchilari.
YеI endi qayerdan dizel oladi?
Oxirgi sanksiyalar tarixiy masshtabga ega: Yevroittifoq 2022 yil 24 fevraliga qadar isteʼmol qiladigan dizelning yarmini Rossiyadan sotib olgandi. Oxirgi bir yilda uning hajmi kamaygan bo‘lsa-da, raqamlar hamon yirikligicha qolmoqda. Vortexa tahlil kompaniyasiga ko‘ra, o‘tgan yili YEI rossiyalik yetkazib beruvchilardan 200 million barrel dizel xarid qilgan.
Embagodan sal oldin yevropaliklar importni urushdan oldingi darajaga chiqardi. Bryussel eng yaqin yetkazib beruvchidan imkon qadar ko‘proq yoqilg‘i sotib olib, zaxiralarni ko‘paytirishga harakat qildi.
Joriy etilgan cheklovlar natijasida Yevroittifoqda kuniga 600 ming tonna dizel va boshqa neft mahsulotlari tanqisligi kuzatiladi. Mavjud bo‘shliqni YEI Yaqin Sharq, Osiyo va AQSHdan import qilish hisobiga to‘ldirmoqchi.
Quvayt va Saudiya Arabistonida yangi neftni qayta ishlash zavodlari ishga tushgach, Yevropaning Yaqin Sharqqa qaramligi yana-da kuchayadi. Qitʼaning eng yirik iqtisodiyoti bo‘lgan Germaniya BAAning Abu Dhabi National Oil kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi. Unga ko‘ra, kompaniya 2023 yilda Berlinga oyiga 250 ming tonna dizel yetkazib berishi kerak.
Yana bir variant bor. Unga ko‘ra, sanksiyalar ostidagi Rossiya mahsulotlari uchinchi davlatlarning tayyor mahsulotlari bilan aralashtiriladi va Yevropaga reeksport qilinadi.
Xitoy va Hindistonning roli qanday?
So‘nggi 12 oyda Rossiya neftining asosiy xaridoriga aylangan Xitoy va Rossiya o‘zi istamagan tarzda YEIning dizel zaxiralarini to‘ldirishda ijobiy rol o‘ynashi mumkin. RFning Ukrainaga bosqinidan keyin Hindiston Yevropaga dizel eksportini keskin ko‘paytirdi. Gap shundaki, Rossiya neftini katta chegirma bilan sotib olish va dizel narxining ko‘tarilishi mahalliy neftni qayta ishlash zavodlarining raqobatbardoshligini oshirdi.
Bir vaqtning o‘zida Xitoy 2023 yil uchun neft mahsulotlari eksportni kvotasini ko‘tardi va katta ehtimol bilan o‘zi uchun qulay darajada saqlab turadi. Wood Mackenzie konsalting kompaniyasi vakili Mark Uilyamsning qayd etishicha, Pekinning ushbu siyosati butun bozordagi vaziyatni o‘zgartiradi. Kompaniya XXR dunyodagi barcha ortiqcha neftni qayta ishlash quvvatlari kalitini ushlab turganini qayd etgan.
Rossiya endi kimga dizel sotadi?
Moskva so‘nggi oylarda Xitoy va Hindistondagi xaridorlari tufayli neft xomashyosi eksportini avvalgi hajmda saqlab qolishga va xatto ko‘paytirishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo neft mahsulotlari eksporti yo‘nalishini o‘zgartirish murakkab vazifa va ekspertlar Rossiya yana chegirmalar orqali buni amalga oshirishini taxmin qilishmoqda.
“Rossiya uning dizeliga uncha muhtoj bo‘lmaganlar uchun mahsulotini katta chegirma bilan sotishga majbur bo‘ldi”, – degan FGE tahlilchisi Yudjin Lindell.
U katta ehtimol bilan RF yoqilg‘isining bir qismi Turkiyaga yuborilishi va bu yerda markasi o‘zgartirilib, Yevropaga “turk dizeli” sifatida reeksport qilinishini aytgan.
Bundan tashqari, Moskvadan chegirma evaziga neft mahsulotlari sotib olishga tayyor davlatlar ko‘plab topiladi. Turkiyadan tashqari, dizel Lotin Amerikasi va Afrikaga ham yo‘naltirilishi mumkin. Ammo baʼzilar Rossiya neft mahsulotlari ishlab chiqarishni kamaytirishini ham taxmin qilmoqda.
Dizelga chegara narxlar natija beradimi?
Yevropa Ittifoqi va “katta yettilik” davlatlari Rossiya dizelining bir barreli uchun 100 AQSH dollari va mazuti uchun 45 dollar atrofida chegara narx belgiladi.
Wood Mackenzie tahlilchisi Uilyams RF neft mahslotlari narxi chegaralanishi Rossiyada neftni qayta ishlash va eksport qilish hajmiga minimal taʼsir ko‘rsatadi.








