Putin va Baydenning chiqishlari: kim qanday signal berdi?
AQSH rahbarining Kiyev va Varshavaga safari hamda Rossiya prezidentining murojaati xalqaro maydonda haftaning eng muhim voqealaridan bo‘ldi.

Haftaning eng muhim voqeasi sifatida Jozef Baydenning Kiyev va Varshavaga tashrifi hamda Vladimir Putinning Rossiya federal majlisiga murojaatini ko‘rsatish mumkin. Tomonlar bir-biriga o‘zaro signallar jo‘natdi, muhim bayonotlar berildi va yaqin istiqboldagi harakatlar qisman ochiqlandi.
Baydenning Kiyevga tashrifi
Jozef Baydenning 20 fevral kuni Ukraina poytaxtiga kelishi ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘ldi. AQSH yetakchisi o‘z rejalarini hatto rafiqasi bilan ham bo‘lishmagan. 80 yoshga yaqinlashib qolgan Baydenga qoyil qolmasdan iloji yo‘q: bir necha soat samolyotda uchib, Polsha chegarasida poyezdda yana bir necha soat Kiyevga yetib keldi.
Ushbu tashrif Ukraina uchun ulkan psixologik va strategik ahamiyatga ega. Urush avj nuqtasiga chiqqan bir paytda eng muhim ittifoqchining kelishi ukrainaliklarga katta motivatsiya beradi. Bu Kiyev bundan buyon ham Vashingtonga suyanishi mumkinligini anglatadi.
Bayden nutqi davomida Ukrainaga qo‘shimcha 500 million dollarlik harbiy yordam paketining ajratilishini eʼlon qildi. Keyingi haftalar davomida Rossiyaning Donbass yo‘nalishida hujumlarni kuchaytirishi kutilmoqda, bunday sharoitda ukrain armiyasida qo‘shimcha o‘q-dori, snaryad va boshqa turdagi qurollarga ehtiyoj katta. Oq uy rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Kiyevga HIMARS tizimlari uchun snaryadlar, tankka qarshi qurollar va havo radarlari kiradi. Bundan tashqari, Vladimir Zelenskiy uzoq masofaga zarba beradigan raketalar bo‘yicha jiddiy muloqot bo‘lganini ochiqladi. Demak, yaqin oylarda Ukraina ancha vaqtdan buyon so‘rab kelayotgan tizimlarini qo‘lga kiritishi mumkin.
Baydenning safaridan yana bir narsani anglash mumkin: turli OAVda taʼkidlangandek, AQSH Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdan “charchamagan”. Amerika prezidentining o‘zi ham “qancha zarur bo‘lsa, Ukrainani shuncha qo‘llab-quvvatlaymiz”, degan gapi Kiyevga yordam uzoq va tizimli davom etishini anglatadi.
Eʼtiborni tortgan jihatlardan biri — AQSH Bayden tashrifi haqida Rossiyani ogohlantirgani bo‘ldi. Keyinchalik bu RF federal xavfsizlik xizmati rahbari Aleksandr Bortnikov tomonidan tasdiqlandi. Bu nuqta nimasi bilan muhim? Yirik davlatlar eskalatsiyani kuchaytirish va mojaroni global miqiyosga olib chiqishdan manfaatdor emas. Shu sababli turli kutilmagan “syurprizlar”ni oldini olish uchun Vashington Moskvani oldindan ogohlantirdi. Bortnikovning “biz bundan xabardormiz, ammo xavfsizlik kafolatini bermaganmiz”, – degan bayonoti ichki auditoriyani tinchlantirish uchun berilgani aniq.
Putinning murojaati: urush, G‘arbga ayblovlar va barqarorlikni ko‘rsatishga urinishlar
Kecha Vladimir Putinning RF federal majlisiga yo‘llagan murojaati ham ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otdi. Tanlangan sana ramziy ahamiyatga ega: o‘tgan yili aynan shu kuni Rossiya Ukraina sharqidagi “DXR” va “LXR” mustaqilligini tan olgan va urushga katta qadam tashlangandi.
Kutilganidek, asosiy mavzu “maxsus harbiy amaliyot” bo‘ldi. Putin Rossiyani jang maydonida yengib bo‘lmasligini taʼkidladi. Shuningdek, u qo‘shib olingan yangi hududlarda Rossiya bilan bog‘lovchi infratuzilmalar yaratilishini eʼlon qildi.
Janob Putin “yangi subyektlar”da yashayotgan aholiga minnatdorchilik bildirgan bir paytda Rossiya kuchlari Xerson markaziga zarba berdi (RF pozitsiyasiga ko‘ra, Xerson Ukraina nazoratidagi “Rossiya hududi” hisoblanadi).
Bundan tashqari, anʼanaviy ravishda mavjud vaziyatda G‘arb davlatlari ayblandi. Putinning iddaosiga ko‘ra, Moskva uzoq yillar davomida YEI va AQSH uchun muloqotga ochiq bo‘lgan va umumiy xavfsizlik tizimini ishlab chiqishni taklif qilgan.
“Urushni G‘arb boshladi, Rossiya esa uni to‘xtatish uchun kuchdan foydalanmoqda”, – dedi RF rahbari.
Yana bir muhim bayonot qurollar nazorati bo‘yicha bo‘ldi. Putin Rossiyaning Strategik hujumkor qurollar bo‘yicha kelishuvdan chiqishini eʼlon qildi. Bu global barqarorlik uchun katta yo‘qotish; kelishuv eng yirik yadro arsenaliga ega ikki davlat — AQSH va Rossiyaga bir-birining harakatlarini qisman bo‘lsa-da, nazorat qilish imkonini berardi. Murojaat arafasida Putinning nutqiga ayrim o‘zgartirishlar kiritilgani aytilgandi. Katta ehtimol bilan bu yuqoridagi shartnomadan chiqish bo‘yicha bayonot bo‘lgani taxmin qilinmoqda.
RF prezidenti nutqi davomida “maxsus harbiy amaliyot” zonasidagi harbiylar katta bosim ostida ekanligi, shuning uchun ularga yil davomida 14 kunlik taʼtil berish kerakligini qayd etdi. Bu Rossiyaning uzoq muddatli to‘qnashuvga tayyorlanayotganini va u bir necha yillarga cho‘zilishi ehtimolini anglatadi.
Baydenning Varshavaga safari: Putin ayblovlariga berilgan javoblar
21 fevral kuni Kiyevdan Varshavaga borgan Jozef Bayden bir qator muhim bayonotlarni berdi.
“Urush boshlangandan bir yil o‘tib Kiyev oyoqda mustahkam turibdi. Rossiya prezidenti ukrainaliklar va Ukrainaga to‘g‘ri baho bera olmadi. Ukraina hech qachon Putin uchun g‘alaba bo‘lmaydi”, – degan AQSH yetakchisi.
Bundan tashqari, u Rossiya xalqiga murojaat qilib, AQSH va Yevropada RFni parchalab tashlash rejalari yo‘qligini taʼkidladi.
“Putin bugun aytganidek, Rossiyaga hujum qilish va egalashni rejalashtirmayapmiz. Biz tinchlikda yashashni istaymiz, biz sizga dushman emasmiz”, — deb qayd etgan Bayden.
Oq uy rahbari Ukrainani qo‘llab-quvvatlash davom etishini yana bir bor eslatib o‘tgan. Shu bilan birga, o‘rtaga erkinlik tikilganini va ukrainaliklarning o‘z vataniga muhabbati g‘alaba qozonishini aytib o‘tdi.








