Dori vositalarini qanday saqlash kerak?
Mutaxassis ularni to‘g‘ri saqlash bo‘yicha tavsiyalar berdi.

Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi bo‘lim boshlig‘i Elvira Svechnikova dori vositalarining to‘g‘ri saqlanishi bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Mutaxassis fikricha, eng avvalo, dori vositasini qo‘llash yo‘riqnomasini diqqat bilan o‘qib chiqish va unga qat’iy amal qilish har doim juda muhim.
Turli dori vositalari ko‘pincha 2 gradusdan 25 gradusgacha bo‘lgan diapazon oralig‘idagi haroratda saqlanadi. Bunda harorat, namlik va yorug‘lik ularni saqlash tartibida muhim ahamiyat kasb etadi.
Hamma dori vositasini sovitkichda saqlash noto‘g‘ri.
Xona harorati odatda 15-25, shuningdek, iqlim sharoitiga qarab 30 gradusgacha bo‘lgan ko‘rsatkichni nazarda tutadi. Bunday paytda dori vositalarini tibbiyot qutichasida jamlab, shkafda saqlashingiz maqsadga muvofiq.
8 gradusdan 15 gradusgacha bo‘lgan salqin haroratda ayrim dori vositalarini sovitkichda saqlashga ruxsat beriladi.
Bunda 8 gradusdan past haroratda fizik-kimyoviy xususiyatlari o‘zgarishi mumkin bo‘lgan dori vositalari (damlamalar, suyuq ekstraktlar va boshqalar)ni sovitkichda saqlash mumkin emas.
Dori vositalarini sovuq joyda saqlash deganda sovitkichda 2 gradusdan 8 gradusgacha bo‘lgan haroratda saqlash tushuniladi.
Bunda dori-darmonlarni sovitkich devoriga yaqin joylashtirib, ularning muzlab qolishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Odatda shamchalar (svecha), turli ko‘z tomchilari, linimentlar, in’yeksiya eritmalari, ferment tabletkalari shu tarzda saqlanadi.
Sovitkichning bir tokchasida dori vositalari va oziq-ovqatlar yonma-yon turishi qat’iyan man etiladi.
Dori-darmonlarni saqlashda yorug‘lik va namlikdan himoya qilish kabi talablarga ham e’tibor berish kerak. Agar ko‘rsatmada “qorong‘u joyda saqlang” deb aytilgan bo‘lsa, unda siz dori qadog‘ini yorug‘likdan to‘liq himoya qilishingiz kerak.
Quruq joyda havo namligi 50 foizdan oshmasligi zarur.
Yodda tuting, tibbiyot qutichasi (aptechka) suv va isitish moslamalari yaqinida bo‘lmasligi kerak. Shuningdek, dori vositalarini ishlab chiqaruvchi tomonidan ko‘rsatilgan muddatdan uzoqroq saqlash mumkin emas. Qadoq ochilgandan keyin odatda ko‘rsatmada yozilgan saqlash muddati sezilarli darajada kamayishi mumkin. Bundan tashqari, ochilgan preparatlar ba’zan boshqa sharoitlarda saqlanishi kerak bo‘ladi.








