AQSH elchisi majburiy mehnatga to‘liq barham berishda O‘zbekistondan o‘rnak olish kerakligini aytdi
U, shuningdek, mamlakatda inson huquqlarini taʼminlash borasida erishilgan natijalarni yuqori baholagan.

Bugun, 27 fevral kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva AQSHning O‘zbekistondagi yangi Favqulodda va Muxtor Elchisi Jonatan Xenikni qabul qildi. Bu haqda Senat rasmiy saytida xabar berildi.
Muloqot avvalida Senat Raisi elchini yuksak va masʼuliyatli vazifaga tayinlangani munosabati bilan samimiy qutladi.
Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston – AQSH hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari, jumladan, parlamentlararo aloqalarni kengaytirish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Jumladan, Senat Raisi parlamentlararo aloqalar ikki mamlakat o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni yana-da mustahkamlashning muhim mexanizmlaridan biriga aylanishi lozimligini taʼkidlab o‘tdi. Shuningdek, strategik hamkorlikni hozirgi bosqichi parlament miqyosidagi yaqin aloqalarni ham aks ettirishi zarurligi, o‘zaro munosabatlarni yana-da yuqori bosqichga ko‘tarishda muloqotlar izchilligini taʼminlash muhimligini alohida qayd etdi.
Suhbat davomida ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirishda AQSH Kongressining Vakillar palatasida shakllantirilgan “O‘zbekiston bo‘yicha Kokus” (do‘stlik guruhi)Ning o‘rni va faoliyati samaradorligi taʼkidlab o‘tildi.
O‘z navbatida, elchi Jonatan Xenik samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, 26 yil avval O‘zbekistonda bo‘lgani, o‘tgan vaqt ichida mamlakatda barcha sohalarda juda katta ijobiy o‘zgarishlarning guvohi bo‘lganini aytib o‘tdi. Jumladan, O‘zbekistonda inson huquqlarini taʼminlash, mehnat munosabatlari, gender tengligi masalalarida erishilgan natijalarni yuqori baholab, ayniqsa, bolalar mehnati va majburiy mehnatga to‘liq barham berish borasida O‘zbekistonning tajribasini butun jahonga namuna sifatida ko‘rsatish mumkinligini va bu borada boshqa davlatlar o‘zbek tajribasini o‘rganishi zarurligini alohida taʼkidladi.
Uchrashuvda, shuningdek, savdo-iqtisodiy aloqalarni faol rivojlantirish, bu jarayonni faollashtirishda O‘zbekiston va AQSHning turli sohalari vakillarining o‘zaro tashriflarini amalga oshirish, bunday yondashuv ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan kengaytirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Muloqot davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, jumladan ayollar tadbirkorligi hamda xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini kuchaytirish, gender tenglikni taʼminlash borasida fikr almashildi.








