Xitoy AQSH va Rossiya bilan yadroviy poygaga kirishadimi?
XXR ilk yadro sinovlarini 1964 yilda o‘tkazgan, o‘sha paytdan beri xitoyliklar minimal yadroviy tiyib turish doktrinasiga amal qilib keladi. Ammo Rossiya-Ukraina mojarosi tajribasi Pekinni strategiyani o‘zgartirishga majbur qilishi mumkin.

Ko‘plab ekspertlar Xitoyni XXI asrda AQSHning asosiy raqobatchisi va dunyoning ikkinchi raqamli gegemon davlati sifatida ko‘rmoqda. Ushbu fonda Rossiya tobora ko‘proq (ayniqsa, Ukraina mojarosidan keyin) XXRning “kichik” hamkori sifatida talqin qilinyapti. Ammo bir aspektda — yadroviy salohiyatda Moskva hamon Pekindan ancha oldinda.
Ammo geosiyosiy daʼvolar ertami-kechmi Xitoyni o‘tgan asrning 60-yillarida qabul qilingan minimal yadroviy tiyib turish doktrinasini o‘zgartirishga majbur qiladi. O‘sha paytda mamlakatning iqtisodiy salohiyati past edi. Lekin hozir vaziyat butunlay boshqacha. Ayniqsa, Rossiya-Ukraina mojarosi tajribasi Pekinga katta taʼsir qildi: urush boshlagan yadroviy davlat o‘z arsenalidan siyosiy va psixologik bosim sifatida foydalanishi mumkin. Xitoyning yadro kuchlarining bugungi holati qanday va u qay darajada tez bu salohiyatini modernizatsiya qila oladi? Re:Russia loyihasi bu haqda maxsus material eʼlon qildi.
Pentagon hisob-kitoblariga ko‘ra, Xitoyning yadro kallaklari zaxirasi 2027 yilga borib 700 taga yetishi mumkin. Mazkur ko‘rsatkich 2030 yilda mingtaga, 2035 yilda esa 1,5 mingtaga yetishi kutilmoqda. Bu esa Rossiya va AQSHning yadro zaryadlaridan bir necha barobarga kam (mos ravishda 4477 va 3708 ta kallak). Katta ehtimol bilan Xitoyda hozirda 410 ta kallak bor, uning kengayishi surʼati esa bundan avval ham Amerika razvedkasi tomonidan bir necha bor oshirib ko‘rsatilgandi. Hozirgi prognozlar 2019-2021 yillar oralig‘idagi o‘sish proyeksiyasiga asoslangan (arsenal 2 yilda 290 tadan 350 ta kallakka ko‘paygan).
Xitoyning yadro salohiyatini kuchaytirishi plutoniy, boyitilgan uran va tritiy zaxiralariga bog‘liq. Uran va tritiy bilan muammo bo‘lmasa-da, qurol plutoniysi ishlab chiqarish 80-yillardayoq to‘xtatib qo‘yilgan. Pekin fuqarolik obyektlaridan harbiy maqsadlarda ham foydalanishga harakat qilyapti. Shuning uchun 2023 va 2026 yillarda Fuszyan provinsiyasida tez neytronlarda ishlaydigan ikki reaktor ishga tushgach, plutoniy zaxiralari ko‘payishi mumkin. U yerda tayyor yonilg‘ini qayta ishlash orqali Xitoy yiliga 300 kilogrammgacha qurol plutoniysini qo‘lga kiritadi.
AQSH davlat departamenti ham XXRning yadro sinovlarini taqiqlash bo‘yicha shartnomani buzishini taxmin qilmoqda. Xitoy tomoni ushbu kelishuvni imzolagan bo‘lsa-da, ratifikatsiya qilmagan. Shu bilan birga, departament bu bo‘yicha aniq dalillar keltirmagan va xitoyliklarni ochiqchasiga ayblamayapti. Uning hisobotida faqatgina sunʼiy yo‘ldoshdan tasvirga olingan, qurib qolgan Labnor ko‘lida kengaytirilgan yadro poligoni va Xitoy atom sanoati bo‘yicha noshaffof hisobotlar yuzasidan xavotirlar haqida so‘z boradi.
Aniq maʼlumotlardan biri shundaki, mamlakat shimolidagi ochiq tog‘li mintaqalarda 350 ta yadro shaxtalari qurilishi tugallanmoqda — ular ham sunʼiy yo‘ldosh yordamida aniqlangan. Mavjud shaxtalar bilan qo‘shib hisoblansa, ularning soni 450 tadan ortadi, bu AQSHdagi mavjud shu turdagi obyektlarga teng. Ularning hammasi raketalar bilan to‘ldiriladimi — bu masala hamon ochiqligicha qolmoqda. Masalan, Amerikada 50 ta shaxta bo‘sh turadi. Pekin shaxtalarning bir qismidan chalg‘itish maqsadida foydalanish mumkin: yadro urushi paytida dushman uning yadro arsenalining hammasini oldindan yo‘q qilish imkoniyatidan ayriladi.
Shunday bo‘lsa-da, bu qurilishlar Xitoy yadro doktrinasi o‘zgarishi ehtimoli yuzasidan AQSHning xavotirlariga sabab bo‘ldi. Ilk yadro sinovlari o‘tkazilgan 1964 yildan beri XXR atom poygasida ishtirok etmaydi va minimal yadroviy tiyib turish strategiyasini qabul qilgan. Bu yadro hujumini oldini olishda javob zarbalari berishni nazarda tutadi. Ammo Pekinning dunyoning yetakchi davlati bo‘lishdagi daʼvolari bu pozitsiyaning o‘zgarishiga olib kelishi mumkin. Pentagonning 2022 yilgi hisobotida qayd etilishicha, “Xitoy katta ehtimol bilan yadro arsenalining aksariyat qismini tinchlik davri holatida saqlaydi — uning qismlari alohida-alohida saqlanadi”. Shu bilan birga Pekin hech qachon minimal tiyib turish nimani anglatishi ochiq aytmagan. Hozirgi siyosiy liderlar buni qanday tushunadi — bu masala ham ochiqligicha qolmoqda.
XXR yadro qurolini yetkazib beruvchi vositalarini modernizatsiya qilmoqda, ammo unda haligacha AQSHning sharqiy qirg‘oqlari, jumladan, Vashingtonga zarba beruvchi qurilmalar mavjud emas. Oltita atom suvosti kemalari Rossiya va Amerika kemalariga nisbatan shovqinli, shuning uchun nizo yuzaga chiqqan taqdirda ular himoyalangan Janubiy Xitoy dengizida qoladi. Suvusti kemalari yadro tizimi esa umuman yo‘q. Xitoy havo floti 1960-70 yillarda bomba yetkazishni mashq qilgan, ammo keyinchalik bu dastur rasman to‘xtatildi. Ayni paytda xitoyliklar stels-samolyotlar va havodan uchiriladigan yadro raketalarini ishlab chiqmoqda.
Eng uzoq masofaga uchadigan DF-31A modeli 11 200 kilometrdagi nishonlarni yo‘q qilishi mumkin, bu AQSHning yarim hududiga yetib borishni taʼminlaydi. Shu bilan birga, Pekin 2021 yilda boshqariladigan jangovar blokli qisman orbital qurilmani sinovdan o‘tkazdi. Pentagon maʼlumotlariga ko‘ra, u 40 ming kilometrga uchib borishi va havoda 100 daqiqadan ortiq bo‘lishi mumkin. Bu Amerika raketaga qarshi mudofaa tizimi uchun katta xavf tug‘diradi.
AQSH mudofaa vazirligiga ko‘ra, katta miqdordagi yadro shaxtalari erta qarshi zarba strategiyasiga o‘tilganini anglatadi. Sensorlar signali orqali Xitoy dushman raketa uchirganini bilishi va o‘z arsenali yo‘q qilinishidan oldin zarba berishga ulgurishi mumkin. Armiya eng kamida 2017 yildan buyon xuddi shu ssenariy bilan mashqlar o‘tkazgan va begona raketalarni kuzatish uchun bitta sunʼiy yo‘ldoshni orbitaga olib chiqqan. Ammo bular XXRni minimal yadroviy tiyib turish doktrinasidan voz kechganini anglatmaydi — Rossiya va AQSH ham qattiq yonilg‘ili shaxta raketalaridan foydalanadi va bu vaziyat zarur hamda barqarorlashtiruvchi ekanini taʼkidlab keladi.
Pentagon taxminicha, Xitoy ikkita holatda yadro zarbasini berishi mumkin. Birinchisi — oddiy raketalar orqali berilgan zarba mamlakat yadro kuchlari va qo‘mondonligi faoliyatiga tahdid solsa yoki uning kuchi yadro zarbasiga teng bo‘lsa. Ikkinchi holat — oddiy qurollar bilan kechayotgan nizo XXRning mavjudligiga tahdid tug‘dirsa, Pekin atom qurolidan foydalanadi.
Yadro arsenalining modernizatsiyasi va kengayishi ehtimoliy mojarolarda Xitoyga qo‘shimcha bosim o‘tkazish imkonini beradi. Ammo hozirda hech narsa mamlakat yadro doktrinasi tajovuzkor bo‘layotganiga ishora qilmayapti. Aksincha, AQSH harbiylarining fikricha, XXR armiyasi imkon qadar deeskalatsiya yo‘lini tanlaydi.
Shu bilan birga, Rossiya-Ukraina mojarosi tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, yadroviy davlat boshlagan keng qamrovli konvensional urush sharoitida ushbu arsenal siyosiy va psixologik bosimda qo‘l kelishi mumkin. Aynan shu shart anʼanaviy yadro doktrinalaridagi tiyib turish ritorikasini qayta ko‘rib chiqishga undaydi.








