Prezident xorijiy turistlar sonini 7 millionga yetkazish shartligini maʼlum qildi
Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimiz turizm salohiyatini jadal rivojlantirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimiz turizm salohiyatini jadal rivojlantirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
Bu borada qabul qilingan choralar katta natijalar berishni boshlagani taʼkidlandi.
Jumladan, 2022 yilda yurtimizga tashrif buyurgan xorijiy turistlar soni 2021 yilga nisbatan 3 baravarga oshdi (5,2 million, soha eksporti – 1,6 milliard dollar).
Ichki turizm dasturlari doirasida 11,5 million, shundan 1,5 million ehtiyojmand aholi, yoshlar va keksalar sayohatlari tashkil etildi.
Samarqandda yangi turizm markazi barpo etilgani qo‘shimcha 2 million sayyoh jalb qilish imkonini berdi.
Bu yili yurtimizda Butunjahon turizm tashkilotining Bosh assambleyasi yig‘ilishini o‘tkazishga katta tayyorgarlik ko‘rilmoqda.
Bundan tashqari, Samarqand 2023 yilgi Butunjahon turizm poytaxti maqomini olgani ham bu boradagi ishlarning yuqori natijalaridan biridir.
Joriy yilda viloyat hokimlari va elchilar 7 million xorijiy va 15 million ichki sayyohlarni jalb qilish, eksportni 2,5 milliard dollarga yetkazish ustida aniq reja va majburiyat bilan ishlashlari shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Prezident topshirig‘iga ko‘ra, turoperator, mehmonxona, transport korxonalari, oliygohlar vakillari bilan bir necha bor uchrashilib, ularning muammolari va takliflari o‘rganildi.
O‘rganishlar ko‘rsatganidek, turistlarni faol jalb qiladigan joylar haqida kontent kam, bori ham qiziqarli emas, sayyohlarni 4-5 kun olib qoladigan turpaketlar yetishmaydi. Yo‘l chiptalarini 3-6 oy oldindan bron qilish, sotib olishda noaniqliklar juda ko‘p. Muzey, teatr, madaniyat maskanlari turizm dasturlari bilan bog‘lanmagan, ularning ishlash vaqti ham sayyohlar talabidan kelib chiqmagan.
Davlat rahbari soha mutasaddilari shu va boshqa kamchiliklar bilan tizimli ishlamayotganini tanqid qildi va keskin o‘zgarish qilinishi zarur bo‘lgan yo‘nalishlarni ko‘rsatib o‘tdi.







