Zamonaviy qirollar qanday jasorat ko‘rsatgan?
Ertaklardan shahzodalar harbiy qahramonliklari bilan yodimizda qolgan. Tarix ham shunga guvohlik beradi. Bugunga kelib esa qirol va qirolichalarning aksariyati siyosiy jarayonlarda ishtirok etmay, o‘z davlatining yuzi vazifasini bajaradi.

Ertaklardan shahzodalar harbiy qahramonliklari bilan yodimizda qolgan. Tarix ham shunga guvohlik beradi. Bugunga kelib esa qirol va qirolichalarning aksariyati siyosiy jarayonlarda ishtirok etmay, o‘z davlatining yuzi vazifasini bajaradi.
Filipp VI, Ispaniya qiroli
Ispaniya qiroli Filipp VI hali valiahd shahzodaligidayoq fuqarolik va harbiy oliy o‘quv yurtlarini tamomlab, harbiy xavo kuchlarining quruqlik kuchlari podpolkovnigi va Ispaniya harbiy havo kuchlarining 2-rangli kapitani darajasigacha ko‘tarilgan.
U taxtdan voz kechgan otasining tojini qabul qilar ekan, birato‘la armiya, flot va harbiy aviatsiya general-kapitani darajasini olgan.
Leonor, Asturiya malikasi
Filipp VI ning ikki qizi bor. Ispaniya qonunlariga ko‘ra, qirol Armiya bosh qo‘mondoni sanaladi. Shuning uchun Ispaniya taxtining qonuniy merosxo‘ri 17 yoshli malika Leonor uch yillik harbiy o‘qishga otlanmoqda. Rejaga ko‘ra, Asturiya malikasi bir yil umumiy harbiy akademiyada, bir yil harbiy dengiz kuchlarida va yana bir yil Bosh harbiy havo akademiyasida o‘qiydi. Natijada malika 3 yil ichida 3 ta harbiy unvonga ega bo‘ladi.
Shahzoda Garri
Britaniya qirollik oilasining harbiy kiyimda eng ko‘p tanilgan aʼzosi – shahzoda Garridir. Yaqinda chop etilgan memuarlarida ham shahzoda o‘z harbiy o‘tmishini yodga olgan. Masalan, u Afg‘onistonda xizmat qilib yurgan chog‘ida o‘z buyrug‘i bilan kamida 25 kishi otib o‘ldirilganini tan oldi.
Karl III, Buyuk Britaniya qiroli
Shahzoda Garrining otasi, Buyuk Britaniyaning amaldagi qiroli Karl III oddiy fuqaro sifatida yursada, uning 1970-yillarda naqd 5 yil harbiy xizmat o‘taganini ko‘pchilik bilmaydi. O‘shanda Uels shahzodasi dastlab qiruvchi samolyot uchuvchisi, keyin harbiy vertolyot uchuvchisi sifatida malaka oshirgan. Xizmat davri so‘ngida u dengiz floti ofitseri sifatida ishlagan. Aynan harbiy dengiz flotida Charlz mana izlovchi kapitan lavozimigacha ko‘tarilgan va bir yil o‘tib zahiraga chiqqan.
Shahzoda Uilyam
Qirol Karl III ning to‘ng‘ich o‘g‘li shahzoda Uilyam uchun harbiy soha nafaqat ongli tanlov, balki taxt vorisi sifatida majburiyat hamdir. Harbiy xizmatga kirishguncha shahzoda faqat fuqarolik OTMlarida o‘qigan, uylanganidan keyingina harbiy akademiyaga kirgan.
Otasi va bobosidan farqli ravishda Uilyam dengiz emas, balki havo harbiy sohasini tanlagan. U Iroqqa jo‘nash uchun bir necha bor raport topshirgan bo‘lsada, doim rad javobini olgan.
Ammo shahzoda Karib dengizidagi suvosti missiyasida qatnashib, kokainning katta partiyasini aniqlab qahramonlik ko‘rsatgan. 2010 yilda esa qutqaruv guruhi tarkibidagi uchuvchi sifatida yurak hurujiga uchragan odamni shifoxonaga yetkazib olib borgan.
Rama X, Tailand qiroli
Tailand qiroli Rama X yoki Maxa Vachiralongkorn xalq qahramoni sanaladi. 1970 yillarda u kommunistik isyonchilarga qarshi kurashgan va harbiy samolyot shturvalida turib vyetnamlik partizanlarga qarshi operatsiya o‘tkazgan.
Harbiy uchuvchilikni bo‘lajak qirol Avstraliyada o‘rganib, shundan so‘ng Tailand armiyasida bir necha yil xizmat qilgan.
1998 yilda u hatto Fu-fu laqalbi itiga aviatsiya marshali unvonini bergan va uning uchun harbiy kiyim tiktirgan. 2015 yilda it nobud bo‘lganida qirollikda 4 kunlik motam eʼlon qilinib, itning dafn marosimi tantanali nishonlangan.
Abdulla II, Iordaniya qiroli
Iordaniya qiroli Abdulla II ikkita harbiy unvonga ega. U harbiy havo kuchlari feldmarshali va marshali unvoniga ega. Otasi aytganidek, Abdulla “armiya xohishiga ko‘ra” avval taxtning rasmiy vorisi, so‘ng Iordaniya qiroli bo‘lgan. qirollik taxti Abdullaning amakisiga tegishi kerak edi, ammo Iordaniya harbiylari bundan norozi bo‘lgan.
O‘sha paytdagi shahzoda esa Britaniya qirollik akademiyasini bitirib, zarhli tank brigadasida harbiy xizmat o‘tagan, vzvod komandiri bo‘lgan va vertolet boshqarishni o‘rgangan edi. Mamlakatdagi muvozanatda muhim rol o‘ynaydigan harbiylar bilan yaqin aloqalar Abudlla II ning qirol bo‘lishiga sabab bo‘ldi.
Keyinchalik u maxsus xizmatga o‘tgan va rasmiy biografiyasida aytilishicha, “elita bo‘linmalari tayyorlash anʼanalari kuchli bo‘lgan qator davlatlarda stajirovka o‘tagan”. Shu tufayli Iordaniya qirolligi maxsus xizmatlari nafaqat Yaqin Sharqda, balki butun dunyoda eng kuchlilaridan biri.
Tamim ibn Hamad ibn Halif al-Tani, Qatar amiri
Fors ko‘rfazidagi eng yosh hukmdorlardan biri – 42 yoshli Qatar amiri mamlakat qurolli kuchlarining bosh qo‘mondoni sanaladi. Al-Tani Sandxerstdagi harbiy akademiyani tamomlagan va bir necha yil o‘z mamlakati armiyasida xizmat qilgan.
Taxtga o‘tirishi bilanoq amir armiya xizmati muddatini 3 oydan 1 yilga cho‘zdi va ayollarning ham armiyaga borishiga ruxsat berdi. Uning bu qarori arab davlatlari orasida yangilik bo‘ldi.








