Tutunda qolgan umr: tamaki yiliga salkam 9 million kishining hayotiga nuqta qo‘ymoqda

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti xavotirli statistikani eʼlon qildi.

Tutunda qolgan umr: tamaki yiliga salkam 9 million kishining hayotiga nuqta qo‘ymoqda

 

 

Qishloq, muyilish va sigaret chekayotgan amakim. Har gal bolalikka qaytganimda mana shu manzara ham ko‘z oldimda gavdalanadi.

 

Bobo-buvimning dakkilariga qaramay, amakim ko‘p sigaret chekardilar. Bora-bora bu turli kasalliklarni qo‘zg‘adi. Eslayman, oylab shifoxonadan beri kelmay, jonlantirish bo‘limida sunʼiy havo ulangan holda yotardilar. Shifokorlar chekish amakimning o‘pkasini tugatgani, yurak va buyrakni ham ishdan chiqargani va juda qisqa umri qolganini bot-bot eslatishardi. Xullas, amakim uzoq yashamadilar...

 

Sigaret tutuni har to‘rt soniyada bir kishining umriga zomin bo‘ladi

 

Hozir Yer yuzida yashovchi 8 milliard odamning 1 milliard nafardan ziyodi — tamaki isteʼmol qiluvchilardir. Ular chekayotgan yillik sigaret miqdori  5 trillion donadan ortadi.

 

Aslida bu — kamayish tendensiyasi. Chunki 2000 yilda o‘n besh va undan katta yoshdagi dunyo aholisining uchdan bir qismi chekuvchi qatlamni tashkil etgan. Hukumatlar tomonidan ko‘rilgan cheklov choralari, tamaki mahsulotlariga joriy etilgan yuqori soliqlar tufayli mazkur ko‘rsatkich beshdan bir qismga ozaydi.

 

Ammo hozirgi statistika ham o‘ta xavotirli. JSST maʼlumotlariga ko‘ra, ayni paytda eng ko‘p chekuvchilar Xitoyda yashaydi: 1,4 milliard odamdan deyarli 300 million nafari tamaki mahsulotlari isteʼmol qiladi.

 

Aholi soniga nisbatan chekuvchilar ulushi borasida eng yuqori foizga ega mamlakat Indoneziyadir. Bu yerda 15 va undan katta yoshdagilarning 62,7 foizi tamaki tutuniga tutqun insonlar. Umuman, bugun jahon bo‘ylab chekuvchilarning 80 foizi past va o‘rta daromadli davlatlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

 

Vaholanki, kashandalik oldini olish mumkin bo‘lgan o‘lim holatlarining birinchi sababi. Dunyoda har 4 soniyada bir kishi chekish oqibatida hayotdan ko‘z yummoqda.

 

“Nature” ilmiy nashrida chop etilgan tadqiqotda yozilishicha, XX asrda 100 millionga yaqin odam bu illat qurboniga aylangan. Mazkur raqamlar o‘sha mudhish  Ikkinchi Jahon urushi paytida vafot etganlar sonidan ham birmuncha ziyod.

 

XXI asrning birinchi yarmida chekish tufayli yana 450 million odam o‘lishi taxmin qilinyapti. Buning eng keng tarqalgan sabablari saraton, yurak xuruji, insult va surunkali obstruktiv o‘pka kasalliklaridir.

 

Qolaversa, sigaretning atrof-muhitga ham ziyoni katta. Ularni ishlab chiqarish va isteʼmol qilish yiliga 84 million tonna karbonat angidrid (CO2) hosil bo‘lishiga olib keladi.

 

Bundan tashqari, har yili 1 million tonnaga yaqin sigaret qoldiqlari tashlab yuboriladi va ularning filtrlari biologik parchalanmaydi. Shuningdek, tamaki yetishtirish yiliga 22 milliard tonna suv sarfiga, sigaret ishlab chiqarish esa 25 million tonna chiqindi hosil qilinishiga sabab bo‘ladi.

 

Tamaki iqtisodiyotga ham katta zarar

 

Olimlarning qayd etishicha, chekish taʼsiri ostida organizmda 25 dan ortiq kasalliklar rivojlanishi kuchayadi. Xususan, o‘pka saratoni va miokard infarktining chekish bilan bog‘liqligi haqida ilmiy dalillar mavjud.

 

Yurak-ishemik xastaligi va insultdan o‘lim holatlarining 70 foizi chekuvchi hamda spirtli ichimliklar ichuvchi odamlar hissasiga to‘g‘ri kelishi so‘zimizning yana bir isboti. Negaki, har bir kashanda bu illat tufayli o‘z hayotini 18 yilga qisqartirishi tadqiq etilgan.

 

Boz ustiga, tamakining zaharli tutunidan umri zavol topayotganlarning 12 foizi bunday mahsulotlarni isteʼmol qilmaydigan kishilar, yaʼni passiv chekuvchilardir. Ular orasida, taassufki, bolalar ham bor.

 

Qolaversa, bu illatning dunyo iqtisodiyotiga yetkazayotgan ziyoni ham katta. JSSTning oxirgi bayonotida mazkur muammo ham raqamlar bilan asoslab berilgan.

 

Masalan, hozir 120 dan ortiq davlat tasarrufidagi 3 million gektardan ziyod maydonda tamaki yetishtirilyapti. O‘z navbatida, sayyoramiz bo‘yicha 300 milliondan ko‘proq odam oziq-ovqat taqchilligi muammosiga yechim izlash bilan ovora. 

 

“Tamaki epidemiyasi”

 

JSSTning yangi hisobotiga ko‘ra, tamaki mahsulotlarining zararli taʼsiridan himoya qilishga qaratilgan global chora-tadbirlar natijasida so‘nggi 15 yilda kashandalik ko‘rsatkichlari butun dunyo bo‘yicha sezilarli darajada kamaydi.

 

“Aks holda, hozirga kelib, sayyoramizda chekuvchilar soni 300 million nafardan ortib ketgan bo‘lardi”, — deyiladi hujjatda.

 

Masalan, ayni paytda jahon mamlakatlarining deyarli 40 foizi yopiq jamoat joylarida chekishni butunlay taqiqlagan.

 

Shunga qaramay, tamaki hanuz dunyo bo‘ylab oldini olish mumkin bo‘lgan o‘lim holatlarining asosiy omili bo‘lib qolmoqda. Yaʼni ushbu illat oqibatida yiliga 8,7 million odam hayotdan ko‘z yumayotgani achinarli. Xavotirli jihati, ko‘rsatkichlar yil sayin oshib boryapti. Yoshlar, ayniqsa, voyaga yetmaganlar orasida bu illatga ruju qo‘yayotganlar ko‘payishi yana-da tashvishli holat.

 

Vaholanki, “tamaki epidemiyasi”ni jilovlash uchun maxsus chora-tabdirlar, strategik maqsad va aniq tavsiyalar ishlab chiqilgan.

 

Biroq JSSTga aʼzo 44 mamlakat hamon bu boradagi himoya choralarini amaliyotga tatbiq etgani yo‘q. 53 Ta mamlakatning tibbiyot muassasalarida chekishni to‘liq taqiqlovchi huquqiy asoslar yaratilmagan.

 

Shuningdek, xususiy sektordagi ish joylari va restoranlarda tamaki mahsulotlari isteʼmolini cheklovchi chora-tadbirlar dunyo mamlakatlarining qariyb yarmida joriy etilmagan.

 

Qolaversa, qator davlatlarda bunday mahsulotlar realizatsiyasi va reklamasi tartibga solinmagani ham chekuvchilar soni ortishiga turtki bo‘lmoqda.

 

Eslatib o‘tamiz, shu yil qabul qilingan “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda isteʼmol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi yangi Qonunga ko‘ra:

 

O‘zbekiston hududiga chekilmaydigan tamaki mahsulotlari, jumladan, nikotinli snyus, chaynaladigan tamaki hamda nikotinli shirinliklarni olib kirish va sotish taqiqlanadi.

 

Savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlarida tamaki mahsulotlarini ko‘rsatish va ochiq namoyish qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Savdo avtomatlari orqali, o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish javonlaridan, elektron tijorat ko‘rinishida, masofaviy savdo orqali, shuningdek, ko‘chma savdo orqali, bolalar tovarlari sotiladigan binolarda, o‘yinchoqlar, shirinliklar va boshqa bolalar mahsulotlariga taqlid qilinganda, 21 yoshga to‘lmagan shaxslarga va ushbu yoshdagi shaxslar tomonidan sotish man etiladi.

custom img

Toshkentda Hindistondan pochta orqali yuborilgan kuchli ta’sir qiluvchi dorilar to‘xtatib qolindi

Jo‘natma ichida tarkibida jami 1,8 kilogramm “Pregabalin” kuchli ta’sir qiluvchi moddasi mavjud bo‘lgan 6 ming dona kapsula borligi aniqlandi.

custom img

Rossiyada ayrim zapravkalarda amaldorlarga benzin navbatsiz berilmoqda

Saratov, Krasnodar, Chelyabinsk va Volgograd viloyatlaridagi ayrim yonilg‘i quyish shoxobchalarida davlat xizmatchilariga navbatsiz yoki xizmat guvohnomasi asosida benzin sotilayotgani aytilmoqda.

custom img

Toshkentda o‘z joniga qasd qilishga uringan yigit qutqarib qolindi

Uchtepa tumanida patrul-post xizmati xodimi va IIV Akademiyasi kursanti Bo‘zsuv kanaliga tushib ketgan yigitni suvdan olib chiqdi.

custom img

Farg‘onada Turkiya qalbaki pasporti va “prava"sini tayyorlagan jinoiy guruh ushlandi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

custom img

Damashqda Adliya saroyi yaqinidagi portlash oqibatida 10 kishi halok bo‘ldi

Ayrim fuqarolar portlashga sobiq Prezident Bashar Asadning tarafdorlari aloqador ekanini aytmoqda.

custom img

O‘zbekiston delegatsiyasi Ali Xomanaiy bilan vidolashuv marosimida ishtirok etdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Eronga tashrif buyurdi.

custom img

Robaxon Mahmudova raisligida Oliy sud Plenumi majlisi bo‘lib o‘tdi

Majlisda sud amaliyotini yanada takomillashtirishga qaratilgan Plenum qarorlari qabul qilindi.

custom img

AQSH Nigeriyadan harbiylarining asosiy qismini olib chiqdi

AQSH Nigeriyada ISHIDga qarshi bir necha oy davom etgan qo‘shma harbiy operatsiya yakunlangach, mamlakatga yuborilgan harbiy xizmatchilarining asosiy qismini olib chiqdi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"