Shavkat Mirziyoyev oktyabrda Xitoyga boradi
Xitoy raisi Prezidentni xalqaro forumga taklif qilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev oktyabr oyida Xitoyga tashrif buyuradi. Bu haqda Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpinning O‘zbekiston Mustaqilligi kuni munosabati bilan yo‘llagan tabrigida maʼlum bo‘ldi.
Xitoy raisi O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekiston xalqiga samimiy tabrik va tilaklarini yo‘llagan.
“Bu yil O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan buyon alohida muhim yil bo‘ldi. Mamlakatingizda yangi Konstitutsiya bo‘yicha referendum va muddatidan oldin Prezident saylovi muvaffaqiyatli o‘tkazilib, O‘zbekistonning yuksalishi va bardavom taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratildi. Sizning rahnamoligingiz ostida Yangi O‘zbekiston barpo etilishida yana-da katta yutuqlarga erishilishiga ishonaman”, deyiladi tabrikda.
Shuningdek, Si Szinpin Shavkat Mirziyoyevni joriy yilning oktyabr oyida Xitoyda o‘tkaziladigan “Bir makon, bir yo‘l” uchinchi xalqaro hamkorlik forumiga taklif qilgan.
“Men Xitoy-O‘zbekiston munosabatlariga alohida ahamiyat qarataman. Siz bilan o‘rnatilgan hamkorlik munosabatlarimiz va shaxsiy do‘stligimizni yuksak qadrlayman. Davlatlarimizning har tomonlama strategik sherikligining barqaror va izchil rivojlantirish hamda xitoy-o‘zbek hamjamiyatining qurilishiga yangi turtki berish uchun siz bilan hamkorlik qilishga tayyorman”, deyiladi tabrikda.







