Bagajsiz uchgan yo‘lovchilar: 99 ta bagaj Istanbulda qolib ketdi
«Centrum Air» yo‘lovchilarining 100 ga yaqin bagaji Istanbulda qoldirib ketildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Istanbuldan Farg‘onaga uchgan yo‘lovchilarning 99 ta bagaji qoldirib ketilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holatga «Centrum Air» aviakompaniyasi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, C6 316 Istanbul — Farg‘ona reysida havo kemasiga yuk ortishda ekspluatatsion cheklovlar joriy etilgan. Qaror parvozlar xavfsizligi talablariga qatʼiy muvofiq ravishda qabul qilingan. Shu sababli 99 dona bagaj ushbu reys bilan manzilga yetkazilmagan.
«Ushbu vaziyat taʼsir qilgan barcha yo‘lovchilardan chin dildan uzr so‘raymiz. Bagajsiz uchib kelish qanchalik noqulay va yoqimsiz ekanini tushunamiz», deyiladi xabarda.
Aviakompaniya bagajlarni imkon qadar tezroq yetkazib berish uchun barcha saʼy-harakatlarni amalga oshirmoqda. Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, bagajlar 5 oktyabr kuni soat 22:00 da Farg‘ona aeroportiga yetkaziladi.








