Bu yil maktab darsliklarida qanday yangiliklar bor?
Joriy o‘quv yilidan yangi fanlar qo‘shilmoqda.

O‘zbekistonda 1-sinfdan kompyuter savodxonligi, yuqori sinflarda moliyaviy savodxonlik darslari joriy etilmoqda. Ushbu fanlarning joriy qilinishi natijasida o‘sib kelayotgan yosh avlodda hozirgi zamon talabiga mos ko‘nikmalarni erta shakllantirish hamda kelgusida ushbu fanlarga tegishli va ular bilan chambarchas bog‘liq kasblarni egallashga ko‘mak beradi.
Maʼlumot uchun: bu yil maktab darsliklariga byudjetdan 920 milliard so‘m ajratildi, boshlang‘ich sinflar uchun to‘liq yangi darsliklar ishlab chiqildi. Bundan tashqari, boshlang‘ich sinflar uchun tayyorlangan darsliklarning ikkinchi qismi ham to‘liq hajmda chop etiladi.
Yana bir muhim jihat – tasdiqlangan o‘quv dasturlariga qo‘shimcha yangi fanlarni kiritish taqiqlanadi. Bu degani – endilikda barcha yangi takliflar mavjud fanlarga integratsiya qilinib tayyorlanadi.
Shuningdek, barcha fanlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, vatanparvarlik g‘oyalari targ‘ib qilinishi shart. Bu esa yetuk insonlarni shakllantirishda alohida ahamiyatga ega.







