Ulug‘bek Rashitov tarixiy natija qayd etdi
U ketma-ket 2 bor Gran-Pri turkumidagi musobaqalar chempioniga aylandi.

O‘zbekistonlik taekvondochi Ulug‘bek Rashitov Parij Gran-Prisi chempioni bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi xabar berdi.
Kecha, 2 sentyabr kuni -68 kg vazn toifasida terma jamo aʼzosi Ulug‘bek Rashitov Fransiya poytaxti Parijda start olgan Gran-Pri turniri g‘olibiga aylandi.
U ishtirokini 1/16 final bosqichida gabonlik Amir Sisse Mussaga qarshi jangdan boshladi. Ilk jangni osonlik bilan yakunlagan Ulug‘bek nimchorak finalda chililik Ignasio Moralesni, chorak finalda xitoylik Yushuai Liangni, yarim finalda esa xorvatiyalik Marko Golubichni ortiqcha qiyinchiliksiz musobaqadan chiqarib yubordi.
Final bellashuvda esa Rashitov braziliyalik Edival Pontesga hech qanday imkon qoldirmadi.
“Ulug‘bek yana bir tarixiy natijani qayd etdi. Yaʼni hamurtimiz ketma-ket ikki bor Gran-Pri turkumidagi musobaqalar chempioniga aylangan ilk o‘zbek taekvondochisiga aylandi”, deyiladi xabarda.







