“Zapravka”larda kunlik limit o‘rnatildimi?
Energetika vazirligi tarmoqdagi xabarlarga izoh berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda avtomobillarga gaz quyish shoxobchalarida kunlik limit qo‘yilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holatga Energetika vazirligi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, tabiiy gaz balansi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvarda “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari”ga muvofiq ishlab chiqiladi va shu asosda resurslar hamda taqsimot balansi shakllantiriladi.
Bugungi kunda «Hududgaztaʼminot» AJning hududiy filiallari tomonidan 1 173 ta AGTKSHga 2023 yilning 8 oyida 2,5 mlrd kub metr tabiiy gaz yetkazib berilgan. Bu miqdor o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 106 mln kub metr ko‘pdir.
Bundan tashqari, tabiiy gaz yetkazib berishda gaz quvurlarining gidravlik o‘tkazuvchanligidan kelib chiqqan holda hisob-kitob asosida soatlik, kunlik, oylik va yillik gaz hajmlar belgilanadi. Mazkur belgilangan gaz hajmlari esa isteʼmolchilar bilan tuziladigan shartnomalarda ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, isteʼmolchilarning buyurtmasi asosida shakllantiriladi.
Shuningdek, isteʼmolchilar qo‘shimcha gaz hajmi xaridi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining qarorida ko‘rsatilgan tartib bo‘yicha murojaat qilishlari mumkin. Bunda gaz taʼminoti tashkilotlari tabiiy gaz resurslari va gazni taqsimlashning tasdiqlangan balansiga muvofiq ajratilgan hajmlardan kelib chiqib, buyurtmalarni qayta ko‘rib chiqishga haqlidir.







