Endi telefonga har kuni sog‘lom turmush haqida xabarlar kelib turadi
O‘zbekistonda "Aholi salomatligi — 2030” milliy strategiyasi ishlab chiqilmoqda.

"Sog‘liqni saqlash vazirligi faoliyatini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" prezident farmoni qabul qilindi.
2024-2026 yillarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, to‘g‘ri ovqatlanishni tizimli targ‘ib qilish va ommalashtirish dasturini ishlab chiqiladi. Unda,
— sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga qaratilgan yiliga 25 tagacha promo-roliklar, dastur va teleko‘rsatuvlar tayyorlash;
— uyali telefon foydalanuvchilariga kasalliklar profilaktikasi va sog‘lom turmush tarzi asoslari bo‘yicha har kuni qisqa xabarlar (SMS) yuborish;
— jurnalistlar va boshqa matbuot vakillari o‘rtasida har yili “Sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha yilning eng yaxshi targ‘ibotchisi” tanlovini o‘tkazish;
— bozorlar, samolyot, poyezd, avtobus, metro, supermarketlar va fuqarolar ommaviy yig‘iladigan boshqa joylarda sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha roliklar namoyish qilish, radiomaslahatlar taqdim qilish va bukletlar tarqatishni taʼminlash nazarda tutiladi.
Shuningdek, 2023 yil yakuniga qadar ilg‘or xorijiy tajriba asosida quyidagilarga asosiy eʼtiborni qaratgan holda “Aholi salomatligi – 2030» milliy strategiyasi ishlab chiqiladi. Unda asosan quyidagilarga eʼtibor qaratiladi:
— aholini maksimal qamrab olgan holda birlamchi tibbiy-sanitariya xizmatini unga yana-da yaqinlashtirish;
— fuqarolarning sog‘lom turmush tarzini, sog‘lom ovqatlanishini va jismoniy faolligini qo‘llab-quvvatlash, ularni aholi orasida har tomonlama targ‘ib qilish;
— onalik va bolalikni muhofaza qilish, aholining bu boradagi ehtiyojlarini qondirish;
— sog‘liqni saqlash tizimini to‘liq raqamlashtirish, qog‘ozbozlikka, asossiz byurokratiyaga va navbatlarga chek qo‘yish, aholiga tibbiyot muassasalariga murojaat qilganida qulayliklar yaratish;
— farmatsevtika tarmog‘ini samarali tartibga solish.







