Chevrolet Captiva sotuvi qayta tiklanishi kutilmoqda
Narxlarni sotuvlar boshlanishidan oldin eʼlon qilish rejalashtirilgan.

Hozirda UzAuto Motors dilerlik markazlaridan faqatgina Onix va Tracker-2 kabi O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan modellar, shuningdek, Malibu-2, Equinox, Traverse, Tahoe-2 kabi import avtomobillariga shartnoma olish mumkin.
Chevrolet Captiva avtomobili mamlakat bozoriga bundan 16 yil oldin kirib kelgan. Ilk bor avtomobilni yirik tarmoqli yig‘ish 2007 yilning oktyabr oyidan boshlangan. 2011 yilning sentyabr va 2017 yilning fevral oylarida avtomobilning yangilangan modeli chiqarilgan. 2018 yilning kuzidan boshlab krossover sotuvdan olib tashlangandi.
UzAuto Motors‘ning ilk ommaviy aksiyalari sotuvida anderrayter vazifasini bajargan Freedom Broker hisobotida ham kompaniya rejalarida 2023 yildan Captiva importini boshlash ko‘zda tutilgani keltirib o‘tilgan edi.
Freedom Broker hisobotida, shuningdek, UzAuto Motors 2023 yil oxiridan Chevrolet Lacetti ishlab chiqarishni to‘xtatishi, shu yil Chevrolet Cadillac importini boshlashi ham maʼlum qilingandi. Hujjatda kompaniya 2026 yildan boshlab nomi oshkor qilinmagan yangi Chevrolet modelini ishlab chiqarishni boshlashi ko‘rsatilgan.







