Andijon hokimi ehtiyojmand oilaga uy sovg‘a qildi
Viloyat rahbari ularni ishga va o‘qishga joylashga ham vaʼda bergan.

Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov viloyatdagi ehtiyojmand oilaga yangi uy sovg‘a qildi. Bu haqda hokimning rasmiy sahifasida maʼlum qilindi.
Qayd etilishicha, hokim Izboskan tumani “Guliston” mahallasida aholi muammolarini o‘rgangan. Ushbu oilaning xonadonida bo‘lib, sharoitini ko‘zdan kechirgan. Shundan so‘ng oilaga ikki xonali uy sovg‘a qilgan. Shuningdek, ayolni ishga, qizini esa o‘qishga joylashga vaʼda bergan.
“Ertalab ko‘chib borasiz. O‘sha yerda qizingni maktabga o‘qishga, seni esa ishga joylayman. Ham ishlaysizlar, ham o‘qiysizlar”, — deydi Shuhrat Abdurahmonov.
Ushbu oilaga Yangi Andijon shahridan 2 xonali uy kalitlari topshirilgan. Viloyat hokimi tashabbusi bilan yaqin bir hafta ichida xonadon kerakli qo‘shimcha jihozlar (yumshoq mebel, stol-stul v.h.k.) bilan ham ta’minlab beriladi. Xonadon oila bekasi nomiga hech qanday to‘lov shartlarisiz, hech qanday kredit to‘lovisiz, to‘laligicha bepul yo‘sinda rasmiylashtiriladi.







