Ekologiya vazirligi barchani jamoat transportidan foydalanishga chaqirdi
22 sentabr — Butunjahon avtomobilsiz kuni.

Bugun O‘zbekistonda “Avtomobilsiz kun” sifatida nishonlanadi.
Mazkur kunni nishonlash Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-noyabrdagi tegishli qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
“Vazirlik barchani "Avtomobilsiz kun"ga befarq bo‘lmaslik, shaxsiy avtomobillar o‘rniga jamoat transporti, metro, velosiped kabi atmosferaga kamroq zarar yetkazadigan transport vositalaridan foydalanishga chaqiradi”, — deyiladi Ekologiya vazirligi xabarida.
"Avtomobilsiz kun"ni o‘tkazishdan asosiy maqsad avtomobillardan chiqayotgan turli zaharli gazlar orqali atmosferaning zaharlanishini kamaytirishga hissa qo‘shishdan iborat. Shuningdek, piyoda yurish va velosipedda sayr qilishni keng targ‘ib etish hamda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng ommalashtirish maqsad qilingan.
Maʼlumot o‘rnida: Dunyoda "Avtomobilsiz kun" tadbiri 1995-yildan buyon o‘tkaziladi. Jahon uzra ommalashganganiga esa 23 yil bo‘ldi.







