“Antistrumin” ishlab chiqargan korxonada tekshiruv boshlandi
Avvalroq mazkur dori vositasi isteʼmoli vaqtincha to‘xtatilgandi.

“Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan “Samo” MCHJ korxonasida farmatsevtik faoliyat bo‘yicha tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Bu haqda “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi xabar berdi.
Tekshiruv davomida dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga, jumladan, Zarur ishlab chiqarish amaliyoti, Zarur distribyutorlik amaliyoti, Zarur saqlash amaliyoti davlat standartlariga, dori vositalarini ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash va ulgurji realizatsiya qilish doirasida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi hujjatlar talablariga muvofiq bo‘lish va korxona tomonidan majburiy rioya qilish shart bo‘lgan litsenziya talab va shartlari bo‘yicha holatlar o‘rganiladi.
Shuningdek, Markazning akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalari tomonidan “Dori vositalarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamenti”ga muvofiq, “Antistrumin” dori vositasining xavfsizlik ko‘rsatkichlari tahlil qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyatining Chust tumanida 71 nafar bola doridan zaharlangani xabar qilingandi. Shundan so‘ng SSV tomonidan “Kaliy yodid 1 mg (0,001) tabletka №100 (Antistrumin)” dori vositasi isteʼmolini laboratoriya xulosalari chiqqunga qadar zudlik bilan vaqtincha to‘xtatib turish haqida topshiriq berilgan.







