O'zbekiston

Jurnalistning ustoziga ochiq xati

“Necha-necha aytilmagan-u, aytilgani uchun yer bilan yakson bo‘lgan haqiqatlar haqi hech qursa shu haqiqatni bugun aytib olishga izn bergaysiz…”

Jurnalistning ustoziga ochiq xati

 

Aziz ustozim!

 

Shunday quvonchli kuningizda sizni xafa qilishni istamasdim, oldindan uzr so‘rayman. Lekin o‘zingizning taʼlimingiz bo‘yicha haqiqat va xolislik jurnalistning motividan fazilatiga aylanib ketishi lozim. Necha-necha aytilmagan-u aytilgani uchun yer bilan yakson bo‘lgan haqiqatlar haqi hech qursa shu haqiqatni bugun aytib olishga izn bergaysiz.

 

To‘g‘ri, xato o‘zimdan o‘tgan. Taqiqdagi narsalar doim qiziqtirgan. Kumirni ham, sohani ham shundayini tanlaganimni mana bugun tushunib turibman. Hali talaba bo‘lmay avval o‘sha paytlari taqiqda bo‘lgan Karim Bahriyevning “So‘z erkinligi haqida so‘z” kitobi shu sohani tanlashimga sabab bo‘lgan, yashirmayman. “Mana, gapirsa bo‘larkanu! Haqiqatlarni, muammolarni ochiq-oydin ayta olish mumkin ekan!” degan g‘o‘rlarcha xulosamga o‘ralashib, “taqiqlangan” so‘ziga eʼtiborimni qaratmaganman. Balki eng jozibalisi shu so‘z ko‘ringanmi!

 

Keyin siz o‘sha g‘o‘r tasavvurimlarim, so‘z erkinligi va haqiqat degan ehtiyojlarimni sug‘ordingiz, parvarishlab, voyaga yetkazdingiz. Siz aytgan jurnalistning asosiy vazifasi xalqqa haqiqatni yetkazish, adolat uchun kurashish, to‘g‘ri axborot olish uchun eshikdan bo‘lmasa teshikdan kirish, tezkorlik, jamiyatda bo‘layotgan voqea-hodisa haqida birinchi bo‘lib axborot berish, ammo xulosa bermaslik, hukm o‘qimaslik, muammoga har xil rakursdan yondashish, xolislikni taʼminlash, bir qadam oldinda yurish, hamma sohadan xabardorlik, muammolarga ko‘z yummaslik... kabi o‘nlab talablarga javob berishi kerak edi.

 

Jurnalistning yana bir ismini “axlat tituvchilar” dedingiz, haqiqiy jurnalist eng zo‘r vaziyatlardan ham bitta kamchilik topa olgan odam, jurnalist xalqi birovga yoqish uchun intilmasligi kerak... Eh-he...

 

Yoza boshladim. Yozganlaring hammasi to‘g‘ri, lekin chiqarib bo‘lmaydi. Ammo yozishdan to‘xtama, yoz! – dedi ilk ustozim matbuotni nazarda tutib. Va ilk shubha paydo bo‘ldi: Nimani yozay? To‘g‘ri bo‘lmagan narsalarnimi?

 

 “To‘g‘ri” yozishni o‘rgangim keldi. Axborot agentiligiga kirdim. Hukumatning tilidan yoza boshladim xalqqa. Asosiy ish yangi chiqqan qonunga sharh yozish. U qonunlarni sharhlay turib, ularning amalga oshishiga, amalga oshsa, mamlakatimiz qanchalar o‘zgarib ketishiga ishonib ham ketardim. Yozganlarimning hech biri rad etilmay chiqa boshladi. Ikkinchi shubha paydo bo‘ldi: Jurnalistika shumi? Hukumat nimaiki ish qilsa, uni xalqqa yetkazib turishmi? Unda boshqa vazifalari qayerda qolyapti?

 

Taqdir taqazosi bilan viloyatda ishlashga to‘g‘ri keldi. Tadbirbozlik, kazo-kazo delegatsiyalarning allambalo intervyularidan charchagan odam uchun u yer xuddi jannnatdek edi. Haftada ikki kun chekka tuman, qishloqlarga borasan, odamlarning turmush tarzi, o‘y-fikrini o‘rganasan, pushti ko‘zoynagingni yechasan va haqiqatni yozasan! Hokimiyat gazetasida turib, bunday haqiqatlarni ayta olishingdan hayron ham bo‘lasan. Va kuni kelib tushunib yetasanki, bu haq so‘zlarni sen (sen emas aslida, sening vositangda o‘sha nashr) xalqqa yaxshi bo‘lishi, haq tomonda turishni lozim topganing uchun emas, o‘sha viloyatning kattasiga yoqish, uning nazariga tushish uchungina qilayotganingni! Kimlarning shu maqsadiga vosita bo‘layotganingni anglaysan. Shubhang yana ortadi: kim uchun, nima uchun xizmat qilyapman?

 

Hamma narsadan tashqarida, erkin, mustaqil jurnalist bo‘lishni, faqat va faqat haqiqatni yozishni istaysan. Yozasan, lekin uni chop etishga yuragi katta nashrni topolmaysan! Yoki qo‘ng‘iroq bo‘ladi, yoki tinchgina chop etilmaydi. Shubhalaring ortgandan ortadi: Bu nashrlar nimasi bilan va nima uchun tirik?

 

“O‘sha” so‘z taqiq degan so‘z bilan sinonim yangray boshlaydi. Ich-ichingdan baribir ijodkorsan, yozmay turolmaysan, minbar qidirasan. Nodavlat OAVga kirganingda esa “erkinrooqdir” degan xomxayollaring puchga chiqib, tabu mavzular, tabu moddalar (Konstitutsiya)ning ro‘yxati uzayadi. Jurnalist bo‘lib xalqqa beradiganing “o‘ldi-otdi”, “qo‘ydi-chiqdi” xabarlar. Odamlarning miyasini keraksiz informatsiyalar, “qotil” xabarlar bilan to‘ldirasan, o‘zing o‘sha xabarlarni bera-bera ularni jinoyatga, savodsizlik va zo‘ravonlikka, mayda fikrlar bilan o‘ralashib qolishiga imkon berasan.

 

Aziz ustozim! Jurnalist bo‘lishning sir-asrorlarini o‘rgatibsiz-u, lekin bu mamlakatga jurnalistlar kerak emasligini aytmabsiz. Maqolangda hukm chiqarishga haqqing yo‘q dedingiz-u, ammo qandaydir amaldorning bir kechada jurnalist ustidan hukm chiqarib, taqdirini hal qilib qo‘yishidan ogohlantirmabsiz. Hatto shaxsiydan-shaxsiy o‘z “blog”ingni ham yuritolmasligingni, kimgadir tegib ketgani uchun yoptirib, o‘chirtirib yuborishlari mumkinligini shipshitib ham qo‘ymabsiz. Muammolarni oxirigacha “kavlay olmasligimiz”, kavlasak ham befoydaligi, kunimiz “sariq va qora” xabarlarga qolishini, to‘rtta savoldan nariga o‘tolmasligimiz, “nima uchun?”, “qanday qilib?” so‘roqlarini leksikonimizdan chiqarishimiz kerakligini ham aytsangiz bo‘lardi!

 

Hanuz haqiqat, erk uchun kurashayotganlarga baʼzan havas qilib qo‘yaman: hafsalasi o‘lmapti, umidi so‘nmapti.

 

Aziz ustozim, balki Sizda ham o‘sha umidlar bo‘lgandir. Oramizdan kimningdir o‘sha tasavvurdagi jurnalist bo‘lishini istagandirsiz. To‘g‘rirog‘i, taqiq qo‘yuvchilarning Sizdek ustozi bo‘lmagan chiqar.

 

Hozirgi yoshlar bizchalik g‘o‘r, sodda, ishonuvchan emas. Ko‘rib xursand ham bo‘laman. Nega yildan-yilga bitirib chiqayotganlarning pichoqqa ilinadigani yo‘q, nega bitta tahliliy maqola yozishni uddasidan chiqmaydi, deb o‘ylardim. Endi bilsam, kuchli jurnalistlar auditoriyadan tashqari (hayot)ga chiqib ulgurmay o‘lib qolyapti ekan. Ular taqiqqa ertaroq uchrapti, ishonchsizlik ertaroq boshlanibdi va to‘rtinchi kursni jurnalist emas, boshqa soha vakili bo‘lib, boshqa kasbni tanlab bitiryapti. Jurnalistikaga esa ko‘pincha haminqadarlar yetib kelyapti.

 

Oxirgi vaziyat – Sergelidagi portlash bo‘yicha savolga ko‘mib yuborishdi: Mana uch kun bo‘ldi, bizda birorta OAV hali to‘g‘ri, ishonchli maʼlumot bergani yo‘q uning kelib chiqishi, o‘limlar soni bo‘yicha. Hamma maʼlumotni turk, rus, boshqa kanallardan olyapmiz. O‘zbek jurnalistikasi tezkor, ishonchli, haqqoniy va erkin sifatlariga javob beradimi?

 

Aziz ustozim, qanday maslahat berasiz? Ularga haqiqatni aytaymi yoki men ham umid qilaymi?

 

Jurnalistika universitetida o‘qish kearkmi yo‘qmi, savoli hamisha bahsli. To‘g‘ri to‘rt yil umrni sarflashga arzimas balki, ammo baribir jurnalistika ilmidan xabardor bo‘lish kerak, ustozning etagidan tutish lozim. Hech bo‘lmasa, bayram kunlari qaysidir tashkilotning sovg‘a-salomiga ko‘z tikmaslik, yugurgilab bormaslik, u tomonidan og‘zining yopilishiga imkon bermaslik, sotilmaslik, xolislik va etikani o‘rganish uchun ham albatta o‘qish kerak. Balki bu ham shaxsiyat bilan bog‘liqdir, yana bilmadim. Har holda, Ustozlar shunday o‘rgatishgan.

 

Aziz ustozim, hafsalasi pir bo‘lmagan jurnalist shogirdlaringiz nomidan bayram muborak bo‘lsin deyman. Siz ham shu jamiyatdan tashqarida emassiz. Balki shu yo‘l bilan kurashayotgan chiqarsiz. Nima qilay, baribir Sizni yomon ko‘rib bo‘lmaydi!

 

Cheksiz minnatdorman!

 

Jurnalistlikni eplolmagan shogirdingiz
Sevara Alijonova

Saida Mirziyoyeva Toshkent arxitektura-qurilish universiteti faoliyati bilan tanishdi

Saida Mirziyoyeva Toshkent arxitektura-qurilish universiteti faoliyati bilan tanishdi

Saida Mirziyoyeva zamonaviy va yashil shaharlarni barpo etishda yangi avlod arxitektorlari, loyihachilari va muhandislarini tayyorlash muhimligini ta’kidladi.

Gaz zaxiralari ko‘paytiriladi: geologik-qidiruv ishlari 5 barobarga oshiriladi

Gaz zaxiralari ko‘paytiriladi: geologik-qidiruv ishlari 5 barobarga oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev neft va gaz tarmog‘idagi yirik loyihalar bilan tanishdi.

Toshkentda 100 ta hojatxona tashkil etiladi: loyihaga 140,4 mln so‘m ajratilishi mumkin

Toshkentda 100 ta hojatxona tashkil etiladi: loyihaga 140,4 mln so‘m ajratilishi mumkin

Sanitariya-gigiyena shoxobchalari soddalashtirilgan tartibda davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladi.

75 mln so‘mlik jinoyat ishi: «Sirojiddin media» rahbari qamaldi

75 mln so‘mlik jinoyat ishi: «Sirojiddin media» rahbari qamaldi

U firibgarlik va tovlamachilik moddalari bo‘yicha aybdor deb topilgan.

Nobel – 2026: 3 nafar optogenetika asoschilari mukofotlandi

Nobel – 2026: 3 nafar optogenetika asoschilari mukofotlandi

Ularning tadqiqotlari yordamida yorug‘lik orqali nerv hujayralarini aniq faollashtirish yoki faolsizlantirish imkoniyatiga erishildi.

O‘zbekistonda Xitoy universiteti filiali ochiladi

O‘zbekistonda Xitoy universiteti filiali ochiladi

Taʼlim o‘zbek, xitoy yoki ingliz tillarida kunduzgi va muqobil shakllarda olib boriladi.

Shavkat Mirziyoyev Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilarni tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilarni tabrikladi

Milliy terma jamoa 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza medali bilan Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va Hindistondan keyin beshinchi o‘rinni egallagandi.

O‘zbekistonliklar uchun Latviya vizasi: cheklov taklif qilindi

O‘zbekistonliklar uchun Latviya vizasi: cheklov taklif qilindi

Bunga ayrim o‘zbekistonliklarning mamlakat hududida voyaga yetmaganlarga qarshi sodir etgan jinoyatlari sabab bo‘lgan.

Jurnalistning ustoziga ochiq xati | Zamon.uz