Shimoliy Koreya MAGATEni keskin tanqid qildi
Pxenyan agentlikni G‘arb bilan til biriktirganlikda aybladi.

Shimoliy Koreya MAGATE o‘zining yadroviy ishlanmalari bo‘yicha rezolyutsiyalarni qabul qilish vakolatiga ega emasligini aytdi va bosh direktor Rafael Grossini AQSH va G‘arb bilan til biriktirganlikda aybladi.
MAGATEning 67-Bosh konferensiyasida aʼzo davlatlar Pxenyanni BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalariga muvofiq yadroviy qurol dasturini to‘xtatish va o‘z majburiyatlariga rioya qilishga chaqiruvchi rezolyutsiya qabul qildi.
Pxenyanning taʼkidlashicha, Shimoliy Koreya 1994 yilda MAGATE tarkibidan chiqqan, shuning uchun Agentlik uning yadroviy dasturini sharhlash yoki baholash huquqiga ega emas.
“Qo‘shma Shtatlarning zolim yadro qurollari va agressiv imperialistik kuchlar bu zaminda mavjud ekan, KXDRning yadro quroliga ega davlat sifatidagi pozitsiyasi o‘zgarishsiz qoladi va biz suverenitetimizga tajovuz qiluvchi dushman kuchlarining harakatlariga hech qachon toqat qilmaymiz. ",- deyiladi hujjatda.
Pxenyan shaxsan MAGATE bosh direktori Rafael Grossini KXDRga bosim muhitini yaratishda va AQSH va G‘arbni xursand qilish uchun yettinchi yadro sinovi haqida yolg‘on maʼlumot tarqatishda ayblaydi.







