O‘zbekiston Afg‘onistonga qariyb 100 tonna insonparvarlik yordami jo‘natdi
Bugunga qadar mamlakatga BAAdan gumanitar yordam yetib kelgan, shuningdek Turkiyadan ham ko‘mak kelishi kutilmoqda.

Bugun, 10-oktabr kuni O‘zbekiston zilziladan jabr chekkan qo‘shni Afg‘oniston xalqiga insonparvarlik yordami yubordi. Ayni vaqtda oziq-ovqat, palatkalar va tibbiy vositalardan iborat yordam eng katta yuk samolyoti – Boeing-747da yetkazib berildi. Mezbonlar vakili Mavloviy Sharofiddin Muslim sinovli kunlarda berilayotgan bu yordamlarni afg‘on xalqi hech qachon esdan chiqarmasligini taʼkidladi.
O‘zbekiston tarafi yuborgan yordam tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari: un, bug‘doy, yog‘, makaron, go‘sht mahsulotlari, guruch, shakar; chodir va odeyallar, shuningdek birlamchi tibbiy yordam uchun zaruriy barcha vositalar bor.
Insonparvarlik yordami O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev boshchiligida yetkazildi. Tadbirda, shuningdek OAV vakillari ham qatnashdi.
O‘zbekiston delegatsiyasini Afg‘oniston hukumati tomonidan tuzilgan zilzila oqibatlarini bartaraf qilish bo‘yicha komissiya raisi Mavlaviy Sharofiddin Muslim, rais o‘rinbosari Ahmadullo Muttaqiy hamda Transport va fuqaro aviatsiyasi vaziri o‘rinbosari Abdul Sattor Gurvollar kutib oldi.
“O‘zbekiston – bizga har doim birinchilardan bo‘lib yordam qo‘lini cho‘zib kelgan birodar mamlakat. Men o‘zim bir necha bor mamlakatingizdan keladigan ko‘makni qabul qilib, jabr ko‘rgan xalqimiz o‘rtasida taqsimlashda ishtirok etganman. Biz Afg‘oniston Islom Amirligi hukumati va xalqi nomidan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va xalqiga chuqur minnatdorligimizni bildiramiz. Sizlar eng yaxshi qo‘shnimiz sifatida Alloh yuborgan og‘ir sinov kunlarida har doim yonimizda turasiz. Buni hech qachon bizni xalqimiz esidan chiqarmaydi”, – dedi Mavlaviy Sharofiddin.
Xabarda keltirilishicha, zilzila oqibatlarini bartaraf qilish uchun hukumat komissiyasi ishlamoqda. Shuningdek, birinchi navbatda bemorlar va uyi buzilganlar uchun yordam berilmoqda. Bugunga qadar Afg‘onistonga BAAdan humanitar yordam yetib kelgan, shuningdek Turkiyadan ham yordamlar yetib kelishi kutilmoqda.







