Amazon‘dan Tesla‘gacha: IT sohasida o‘zbekistonlik yoshlar zabt etayotgan marralar
Mamlakatimizda AKT sohasiga berilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanayotgan yoshlar bugun dunyoning nufuzli kompaniyalarida ishlamoqda.

IT sanoati rivoji mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega. Har qanday sohada malakali kadrlar tayyorlash uchun, eng avvalo, yuqori sifatli taʼlim bazasini yaratish muhim. Shu yo‘nalishda mamlakatimizda IT-taʼlimni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ko‘plab tashabbuslar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimidagi IT oliy taʼlim muassasalari Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning 6 ta filiali, Toshkent shahridagi Inha va Amiti universitetlari tomonidan 35 dan ortiq mutaxassisliklar bo‘yicha 29 ming nafarga yaqin oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlanmoqda.
Shuningdek, 2022 yilda “EPAM Systems” xalqaro IT-kompaniya bilan hamkorlikda birinchi onlayn shakldagi “IT-Park University” raqamli universiteti faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Shu bilan birga, Qorako‘l IT klasterini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi. Ushbu klasterda 2023/2024 o‘quv yilidan IT yo‘nalish bo‘yicha Buxoro viloyatida Hindiston bilan hamkorlikda Acharya Universiteti tashkil etildi. IT-klaster doirasida masofaviy IT-xizmatlar eksporti markazi, ilmiy-tadqiqot markazlari va o‘quv laboratoriyalar, startap loyihalarni rivojlantirish inkubatsiya markazi va boshqa obyektlar tashkil etiladi.
Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro IT-sertifikatlarga ega yosh mutaxassislarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021 yil 9 maydagi 310-sonli qarori ijrosini taʼminlash hamda yoshlarni IT sohasida salohiyatini oshirish, shuningdek, IT bilimlarga qiziqtirish maqsadida xalqaro IT-sertifikatlarini olish uchun 50 foizgacha xarajatlarini qoplash tizimi joriy etilgan.
Xalqaro IT-sertifikatlarini olish uchun 50 foizgacha xarajatlarini qoplash bo‘yicha “IT-istedod” portali ishga tushirildi, shuningdek, Yagona interaktiv davlat xizmatlar portali (“my.gov.uz”) orqali arizalarni qabul qilish uchun “Xalqaro IT-sertifikatlarini olish hamda o‘qish xarajatlarining 50 foizgacha bo‘lgan qismini qoplab berish” xizmati joriy etildi.
O‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadida 2022-2023 yillarda jami 2 500 tadan ziyod yoshlar xalqaro IT-sertifikatni olish uchun arizalar topshirgan bo‘lib, Shundan 800 nafardan ortiq yoshlarga mazkur sertifikatlar bo‘yicha 50 foizgacha bo‘lgan xarajatlari qoplab berildi (shundan, 2023 yilda 351 nafar).
Maktablarda IT yo‘nalishiga o‘qitish va iqtidorli yoshlarni saralash bo‘yicha “Muhammad al-Xorazmiy raqamli vorislari” loyihasi joriy etiladi. Bunda, Ay-Ti sohasiga qiziqishi yuqori bo‘lgan yoshlar saralab olinib, darsdan tashqari vaqtda maxsus guruhlarda IT va xorijiy tillarga o‘qitiladi.
Loyiha doirasida 213 ta maktablardan jami 4 mingdan ortiq 7-11-sinf o‘quvchilarga taʼlim beriladi.
Yiliga 800 nafardan ortiq IT va xorijiy til ko‘nikmalariga ega o‘quvchilar yetishib chiqadi.
IT sohadagi o‘quv kurslarda tahsil olayotgan yoki ushbu o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan 48 ming nafardan ortiq yoshlar kompyuter xarid qilish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda isteʼmol kreditlari ajratildi.
Yoshlar orasida axborot texnologiyalari bo‘yicha ko‘nikmalarini shakllantirish, iqtisodiyotning turli sohalarida raqamlashtirishda faol ishtirok etadigan iqtidorli yoshlarni tayyorlash maqsadida “Mirzo Ulug‘bek vorislari” o‘quv kurslari tashkil etildi.
Talabgor talabalardan 322 ta onlayn ariza qabul qilindi. Hozirda talabalardan IQ test olish uchun texnik tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining AKTga masʼul xodimlari malakasini oshirish va reyting baholashni tashkil etish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Davlat tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan IT sohasidagi malakali kadrlarni rag‘batlantirish va yoshlar orasida mazkur kasbga bo‘lgan eʼtibor va qiziqishlarini oshirish maqsadida xalqaro IT sertifikatga ega AKTga masʼul xodimlariga 20 foiz miqdorda ustamaga to‘lash amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Bugungi kunda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi TATU bitiruvchilari 100 dan ortiq nufuzli mahalliy va xorijiy korxona va tashkilotlarda faoliyat yuritib kelmoqda.
Toshkent shahridagi Inha universiteti tomonidan berilgan katta bilim va tajriba universitet bitiruvchilariga nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijda ham raqobatbardosh bo‘lish imkonini beradi. Masalan, bitiruvchilarning 60 foizdan ortig‘i IT-sohasida, 15 foizdan ortig‘i logistika sohasida va 10 foizga yaqini xususiy tadbirkorlardir.
Shunday qilib, bitiruvchilar Microsoft, EPAM Systems, Udevs, Momox, Tesla, Amazon, Tik-Tok, Huawei,TBC bank, Uz Railways, Payme.uz, Uzcard, IT PARK va boshqa ko‘plab kompaniyalarida o‘z ish faoliyatlarini olib bormoqdalar.
Toshkent shahridagi Inha universiteti aholining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi bilimini oshirish tashabbuslarida faol ishtirok etmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-avgustdagi “2022-2023-yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 206-son qaroriga muvofiq talabalar uchun raqamli texnologiyalar sohasidagi malakasini oshirish maqsadida Raqamli texnologiyalar vazirligi, Mirzo-Ulug‘bek jamg‘armasi ko‘magida hamda Toshkent shahridagi Inha universiteti akademik ko‘magida “Mirzo Ulug‘bek vorislari” o‘quv tayyorlov kurslari tashkil etildi.
Ushbu dastur uchun imtihonlar Toshkent shahridagi Inha universiteti qoshidagi Uzluksiz Taʼlim Markazi o‘qituvchilari tomonidan tuzilgan. Shuningdek, TshIU va Uzluksiz taʼlim markazi o‘qituvchilari IELTS imtihonlariga ham tayyorlaydilar.
Raqamli transformatsiya zamonaviy inson hayotini bosqichma-bosqich o‘zgartirmoqda. Bugungi kunda AKTsiz samarali iqtisodiyot, sifatli taʼlim, zamonaviy va innovatsion ishlab chiqarish jarayonlarini tasavvur etib bo‘lmaydi.
Bunday sharoitda raqamli rivojlanishning muhim yo‘nalishlaridan biri bu iqtisodiyotning deyarli barcha sohalarida talab qilinadigan IT-mutaxassislarni tayyorlashdir. Maktab, o‘rta maxsus va oliy taʼlim doirasida IT-kadrlarni uzluksiz tayyorlashning kompleks tizimini yaratish bu yo‘nalishdagi birinchi va muhim shartdir.
Shu maqsadda O‘zbekistonda kadrlar tayyorlash sohasini zamon talablari, zamonaviy iqtisodiyot va mehnat bozori asosida tizimli isloh qilish ishlari amalga oshirilmoqda. Buning natijasida esa mazkur sohada bir qator xalqaro OTM va ularning filiallari faoliyati yo‘lga qo‘yildi va mavjud OTMlar faoliyati takomillashtirildi va ularda perspektiv IT-sohasi kadrlari tahsil olmoqda.







