Shavkat Mirziyoyev Turkiya Prezidentiga tabrik yo‘lladi
Tabrik Turkiya Respublika eʼlon qilingan kunning 100 yilligi munosabati bilan amalga oshirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning milliy bayrami – Respublika eʼlon qilingan kunning 100 yilligi munosabati bilan Prezident Rejep Tayyip Erdog‘anga tabrik yo‘lladi.
Maktubda ikki xalq o‘rtasidagi umumiy til, mushtarak urf-odatlar, o‘zaro hurmat va hamjihatlik tamoyillariga asoslangan keng qamrovli strategik sheriklik aloqalari so‘nggi yillarda sifat jihatidan yuksak bosqichga ko‘tarilib, yangi tarixiy davrni boshlab bergani katta mamnuniyat bilan taʼkidlangan.
"Nasib etsa, Siz bilan birgalikda xalqlarimizning umumiy ravnaqini taʼminlash yo‘lida kelishib olgan barcha yirik loyiha va aniq dasturlarni to‘liq amalga oshiramiz hamda ko‘zlagan ulkan marralarimizga albatta erishamiz", - deyiladi jumladan qutlovda.
Davlat rahbari Turkiya yetakchisi va oila aʼzolariga sihat-salomatlik, farovonlik va baxt-saodat, masʼuliyatli davlatchilik faoliyatida yangi zafarlar, qardosh turk xalqiga esa tinchlik-omonlik, bardavom taraqqiyot va yuksalishlar yor bo‘lishini tiladi.







