O‘zbekistonda Fransiya taraqqiyot agentligi tashkil etiladi
Mirziyoyev va Makron qo‘shma bayonot qabul qildi

Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron Qo‘shma bayonot qabul qildilar.
Hujjatda ikki davlatning o‘zaro munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarish niyati qayd etilgan.
Ikki tomonlama hamkorlikning joriy holatiga hamda turli sohalarda davlatlararo munosabatlarni chuqurlashtirish istiqbollariga baho berilgan, tomonlar xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishga, dolzarb global va mintaqaviy muammolarni birgalikda hal qilishga intilishi tasdiqlangan.
Prezidentlar huzurida moliya, taʼlim, madaniyat va ikki tomonlama hamkorlikning boshqa yo‘nalishlari bo‘yicha 8 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi. Jumladan:
– “Samarqand Fransuz Alyansi”ni tashkil etish va uning faoliyati to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
– O‘zbekistonda ichimlik suvi taʼminoti infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha hukumatlararo moliyaviy bayonnomalar (1- va 2-bosqichlar);
– O‘zbekistonda Fransiya taraqqiyot agentligi va “PROPARKO”ni tashkil etish va ularning faoliyati to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida bayonnoma;
– tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida diplomatik kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya;
– maktabgacha, maktab, professional va oliy taʼlim sohasidagi hamkorlik bo‘yicha bayonnoma;
– madaniy meros sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiya;
– professional va texnik taʼlim sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida kelishuv.
Shuningdek, tashrif doirasida O‘zbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi hamda “SUEZ” va “Bouygues” kompaniyalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiyalar imzolandi.







