O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida muhim bitim imzolandi
Ikki mamlakat chegara hududlari ishlab chiqarish bazasidan foydalanish samaradorligini oshirmoqchi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida "Markaziy Osiyo" Sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazi faoliyatini tartibga solish to‘g‘risida bitim imzolandi. Bu haqda O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi хabar berdi.
Bitim Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) 16-sammiti doirasida imzolandi.
Hujjatni sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Qozog‘iston savdo va integratsiya vaziri Arman Shakkaliyev imzoladi.
Markazning vazifalariga quyidagilar kiradi:
•davlatlararo hamkorlik aloqalari va xalqaro qiymat zanjirlarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;
•chegara hududlari ishlab chiqarish bazasidan foydalanish samaradorligini oshirish;
•markazdagi ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish, modernizatsiya qilish va sanoat korxonalarini raqobatbardoshligini oshirish;
•ikki davlat o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va boshqalar.







