Shimoliy Koreya harbiy sohada yana bir qadam qo‘ydi
Pxenyan ballistik raketalar uchun yangi dvigatellarni sinovdan o‘tkazdi.

Shimoliy Koreya yangi o‘rta masofaga mo‘ljallangan ballistik raketalar uchun qattiq yonilg‘i dvigatellari muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilganini eʼlon qildi.
Bu haqda KXDR davlat axborot agentligi xabar berib, yangi raketa “katta strategik ahamiyatga ega” ekanini taʼkidladi.
Maʼlumotlarga ko‘ra, uning birinchi sinovi 11 noyabrda, ikkinchi bosqichi esa 14 noyabrda bo‘lib o‘tgan. Pxenyanning taʼkidlashicha, sinov natijalariga ko‘ra, "juda qoniqarli natija"ga erishilgan va bu yangi raketaning ishlab chiqilishini ishonchli tezlashtirish uchun kuchli kafolat berdi.
O‘z navbatida, AP agentligining qayd etishicha, ushbu rivojlanish Pxenyanga “yadro arsenalini Guam va Yaponiyadagi Amerika harbiy bazalariga zarba berishga qodir bo‘lgan kuchliroq va aniqlash qiyinroq qurollar bilan to‘ldirishga” imkon beradi.
Sinovlar Shimoliy Koreyaning qurol ishlab chiqarishdagi so‘nggi qadamini ko‘rsatadi.







