“Antistrumin” ishi bo‘yicha 3 mansabdor ayol qamaldi
Hozirda ular tergov hibsxonasida saqlanmoqda.

Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov “Antistrumin” dori vositasi bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan maʼlumot berdi.
7-noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudida Bosh prokuror o‘rinbosarining Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi, 205-moddasi 2-qismi “a” bandi va 257-1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinuvchilar va Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan N. A., F. X. hamda 16 noyabr kuni Bosh prokuror o‘rinbosarining Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi, 205-moddasi 2-qismi “a” bandi va 257-1-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinuvchi va Jinoyat-protsessual kodeksining 227-moddasi tartibida ushlangan X. G.ga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomalari taqdim etilgan hujjatlar bilan ko‘rib chiqildi.
Sudning 2023-yil 7- va 16-noyabr kunlaridagi ajrimlari bilan Bosh prokuror o‘rinbosarining iltimosnomalari qanoatlantirilib, gumon qilinuvchilar N. A., F. X. va X. G.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qamoqqa olinishi va tergov hibsxonasiga joylashtirilishi belgilandi.







