Andijondagi hibsxonada ayol xodimlar tomonidan kaltaklangani aytilmoqda
Holat yuzasidan Ombudsman vakili maʼlumot berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatidagi 3-Tergov hibsxonasida xodimlar mahbus O.G‘ulomovani 1 oylik chaqalog‘i bilan urib, tepib, turli xil uyatli so‘zlar bilan haqorat qilayotganlari haqida xabar eʼlon qilindi. Mazkur holat bo‘yicha Inson huquqlari bo‘yicha vakilning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili jamoatchilik vakillari bilan birgalikda 3-son Tergov hibsxonasida o‘rganishlar olib borgan.
Qayd etilishicha, mahbus O.G‘ulomova bilan suhbat davomida u ijtimoiy tarmoqda tarqatilgan xabarni tasdiqlab, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) nomiga shikoyat yozgan. Faqatgina O.G‘ulomova farzandi olib qo‘yilganligini va o‘zi tinchlantirish xonasiga joylashtirilganligini tasdiqlamagan. Farzandi doim o‘zi bilan birga bo‘lgan va tinchlantirish xonasiga joylashtirilmagan.
Shuningdek, holatga aniqlik kiritish maqsadida O.G‘ulomova bilan bir kamerada saqlanayotgan 3 nafar shaxs bilan ham suhbat o‘tkazilib, ulardan ham holat yuzasidan tushuntirishlar olingan.
Shu kuni holat yuzasidan sud tibbiy ekspertizasi o‘tkazilib, ekspertiza natijasiga ko‘ra, O.G‘ulomovaning badanida tan jarohatlari aniqlanmagan.
To‘plangan hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan tartibda ko‘rib chiqishlik uchun viloyat prokuraturasiga yuborilgan.







