Endi “Yandex Go” ham soliq to‘laydi
U Soliq qo‘mitasi tomonidan qo‘yilgan talablarni bajarmoqda.

1-dekabrdan boshlab Yandex go xizmati O‘zbekiston Respublikasi hududida soliq rezidenti – “YandexGo UB” MCHJ yuridik shaxs tomonidan taqdim etilmoqda. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Endi Yandex Go xizmati o‘z hisob-kitoblarini O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablari asosida yuritadi, birlamchi hujjatlarni va soliq hisobotlarini taqdim etadi hamda belgilangan soliqlarni to‘laydi.
Shu bilan birga, Yandex Go xizmatini fiskal maʼlumotlar operatori bilan integratsiyalash bo‘yicha ishlar yakunlandi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va yuridik shaxslar mazkur servis yordamida tashish xizmatini ko‘rsatganda mijozlarga fiskal chek berish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Shu tariqa, Yandex Go o‘z faoliyatini qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish bo‘yicha Soliq qo‘mitasi tomonidan qo‘yilgan talablarni bajarmoqda.
Shuningdek, MyTaxi va Uklon xizmatlarining fiskal maʼlumotlar operatori bilan integratsiyalash ishlari ham yakunlangan. Yaqin kunlarda ular orqali ko‘rsatilgan tashish xizmatlari uchun to‘lovlarni fiskallashtirish kutilmoqda.







