Toshkentda metro yana to‘xtab qoldi
Bunga yo‘lovchilarning vagonga kirish va chiqish vaqtlari meʼyoridan ortib ketgani sabab bo‘lgan.

Kecha, 7-dekabr kuni Toshkent metrosida yana poyezd to‘xtab qoldi. Holatga Toshkent metropoliteni rasmiy izoh berdi.
Qayd etilishicha, “Paxtakor” bekatidan harakatlanishi lozim bo‘lgan 26-sonli harakat tarkibining vagonlariga yo‘lovchilarning kirish va chiqish vaqtlari meʼyoridan ortib (10 soniya) ketgan. Buning natijasida ushbu harakat tarkibi bekatdan belgilangan vaqtdan kechroq harakatlangan. Oqibatda esa ortdan kelayotgan 2-sonli harakat tarkibi belgilangan yo‘riqnomaga asosan “Paxtakor” bekatining kirish svetoforining taqiqilovchi signalida 27 soniya vaqt davomida to‘xtab turgan.
26-sonli harakat tarkibi bekatni tark etganidan so‘ng svetoforning ruxsat beruvchi ko‘rsatkichi yongan va 2-sonli harakat tarkibi harakatni davom ettirgan.







