1-yanvardan mol-mulk solig‘ida o‘zgarish bo‘ladi
Ushbu masala Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida “Soliq va byudjet siyosatining 2024 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Mazkur qonun loyihasi bilan tadbirkorlik subyektlari manfaatidan kelib chiqib, ularga qulaylik yaratish maqsadida 2024 yil uchun belgilangan soliq siyosatida asosiy soliq stavkalari — qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad, yuridik shaxslarning mol-mulk, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun yer solig‘i, ijtimoiy soliq, aylanmadan olinadigan soliqlar o‘zgarishsiz qoldirilmoqda. Yaʼni 1 yanvardan mol-mulk solig‘i Toshkentda 3 million, Nukus shahri va viloyat markazlarida 2 million so‘m etib belgilanmoqda.
Shu bilan birga, tadbirkorlik subyektlari uchun qo‘shimcha yengilliklar yaratish maqsadida kameral soliq tekshiruvida tadbirkordan hujjat talab qilish, bino va hududlariga kirish yoki uni idoraga chaqirish taqiqlanmoqda.
Soliq majburiyati bo‘yicha daʼvo qilish muddati 5 yildan 3 yilgacha qisqartirilmoqda, foyda solig‘i bo‘yicha har oy bo‘nak to‘lovlarini to‘lashi lozim bo‘lgan tadbirkorlar daromadining chegaraviy miqdori 5 mlrd. so‘mdan 10 mlrd. so‘mga oshirilmoqda.
Qonun loyihasida soliq solish bazasini kengaytirish, samarasiz soliq imtiyozlarini bekor qilish, inflyatsiya darajasidan kelib chiqib aksiz solig‘i va resurs soliqlarini indeksatsiya qilish belgilanmoqda.
Qayd etilishicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi tadbirkorlik subyektlariga yengilliklar yaratish, soliq bazasini kengaytirish va byudjet daromadlarini to‘liqliligini taʼminlash, iqtisodiyotda yashirin faoliyat ulushini qisqartirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.







