O'zbekiston

Prezident prokuratura xodimlarini tabrikladi

Davlat rahbari muhim maqsadlarga erishishda prokuratura organlarining roli katta ekanini taʼkidlagan

Prezident prokuratura xodimlarini tabrikladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga bayram tabrigi yo‘lladi. Tabrik matni Prezident matbuot xizmati tomonidan eʼlon qilindi.

 

"Hurmatli prokuratura xodimlari! Muhtaram faxriylar!

 

Avvalo, siz, aziz qonun posbonlarini 8 yanvar – O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

 

Barchamiz yaxshi tushunamizki, bugungi kunda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirayotgan barcha islohotlarimizda qonun ustuvorligini taʼminlash hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.

 

Qonun hukmron bo‘lgan jamiyatda albatta adolat, siyosiy-ijtimoiy barqarorlik, iqtisodiy o‘sish va yuksalish bo‘ladi, inson qadri, huquq va manfaatlari taʼminlanadi.

 

Bunday muhim maqsadlarga erishishda prokuratura organlari va ushbu tizimda xizmat qilayotgan, o‘z kasbi va burchiga sodiq, vatanparvar insonlarning roli katta ekanini bugun alohida taʼkidlashimiz o‘rinlidir.

 

Qadrli do‘stlar!

 

Sizlarga maʼlumki, so‘nggi yillarda prokuratura sohasini tubdan isloh etish, bu borada ochiqlik va adolatga asoslangan, fuqarolar va jamiyat manfaatiga xizmat qiladigan, xalqparvar qarorlar qabul qilish, o‘z nazariy va amaliy maktabiga, fidoyi va professional xodimlar korpusiga ega bo‘lgan tizimni shakllantirish bo‘yicha ulkan ishlarni amalga oshirmoqdamiz.

 

El-yurtimizning Konstitutsiyamizda mustahkamlangan huquq va erkinlarini ishonchli himoya qilishda, qonuniylikni taʼminlash, jinoyatchilikning oldini olishda prokuratura organlarining ahamiyati tobora ortib bormoqda.

 

Ayniqsa, xalq bilan ochiq muloqot qilish, aholi muammolarini chuqur o‘rganish va hal etish, inson huquq va erkinliklarini muhofaza qilish soha xodimlarining eng asosiy va kundalik vazifasiga aylandi.

 

Prokuraturaning qonunlar ijrosi ustidan nazorat olib borish faoliyati tubdan o‘zgartirildi. Ilgari qonun buzilishi holatlarini aniqlash va jazolashga asosiy o‘rin berilgan bo‘lsa, endi asosiy eʼtibor bunday holatlarning oldini olish, mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilmoqda.

 

Eng muhimi, prokuratura tizimi ham, odamlarimizning unga nisbatan munosabati ham o‘zgarmoqda. Bugungi kunda el-yurtimiz prokuratura timsolida “jazolovchi idorani” emas, balki aholi va tadbirkorlarning buzilgan huquqlarini tiklashga ko‘maklashadigan, ularning dardiga sherik, madadkor bo‘lishga harakat qiladigan xalqparvar tuzilmani ko‘rmoqda.

 

Buni keyingi yetti yilda prokuratura organlari tomonidan 2 millionga yaqin murojaat ijobiy hal etilib, 300 mingdan ortiq fuqaroning buzilgan huquqlari tiklangani, 148 mingga yaqin tadbirkorning muammolariga yechim topilgani ham tasdiqlaydi.

 

Kadrlar malakasini oshirish, shuningdek, tergov hamda huquqni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida Bosh prokuratura akademiyasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etildi.

 

Bugungi kunda tadbirkorlik va investitsiya, qurilish yo‘nalishlarida, yer resurslaridan foydalanishda qonun buzilishining oldini olish, xotin-qizlar va yoshlar huquqlarini taʼminlash hamda ularni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, yoqilg‘i-energetika va ekologiya, madaniy meros va sport sohalarida qonun ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan samarali prokuror nazorati tizimi yo‘lga qo‘yildi va o‘z ijobiy natijalarini bermoqda.

 

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o‘tgan davrda 53 mingdan ziyod huquqbuzarlik va jinoyatga chek qo‘yildi, davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan 4,7 trillion so‘m zarar undirildi, 15 mingdan ortiq shaxsning faoliyatiga qonuniy tus berilib, ularning tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tishi taʼminlandi.

 

Prokuratura huzurida Majburiy ijro byurosining tashkil etilishi ijro ishini yuritish bo‘yicha mavjud tartibsizliklarga barham berib, qatʼiy intizom o‘rnatishga imkon yaratdi. Birgina o‘tgan yil davomida 36 trillion so‘mlik sud hujjatlarining ijrosi taʼminlandi.

 

Hurmatli soha xodimlari!

 

Mamlakatimizda “Qonun – ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar” degan ezgu tamoyil asosida qonuniylikni taʼminlash borasidagi ishlarimiz hal qiluvchi bosqichga kirayotgan hozirgi vaqtda har bir prokuratura xodimi bir haqiqatni chuqur anglab yetishi zarur. Qachon odamlarimiz hayotida xotirjamlik, ro‘zg‘orida farovonlik va halovat bo‘ladi, qachon ularda ertangi kunga ishonch ortadi? Qachonki, yurtimizda qonunlar qog‘ozda emas, balki amalda qatʼiy bajarilgan, islohotlar har bir xonadon, har bir mahallaga kirib, yurtdoshlarimiz ularning amaliy samarasini o‘z kundalik hayotida his etgan taqdirda bu maqsadga to‘la erishish mumkin.

 

Xalqimizning og‘irini yengil qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allikka qarshi kurashishga qaratilgan dasturlarimiz ijrosini izchil tashkil etish, atrof-muhit, tabiiy boyliklar va madaniy merosimizni ko‘z qorachig‘idek asrash, tibbiyot, taʼlim kabi sohalardagi islohotlarimizni davom ettirish va bu borada qonun buzilishiga murosasiz bo‘lish – prokuratura xodimlarining konstitutsiyaviy burchi va eng asosiy vazifasidir. Buni hech kim unutmasligi kerak. Aminmanki, yurtimizda korrupsiya illatiga qarshi kurashish jarayoni umumxalq harakatiga aylanayotgan bugungi kunda prokuratura xodimlari alohida jonbozlik ko‘rsatib, o‘z tashabbuslari bilan barchaga namuna bo‘ladilar.

 

Ana shu maqsadlarda prokuratura organlari faoliyatiga ilg‘or ish uslublarini va raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, qonunlar ijrosi ustidan nazorat mexanizmlarini muntazam takomillashtirish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va tergov ishiga zamonaviy ilm-fan hamda amaliyot yutuqlarini tatbiq etish, xodimlarning bilim darajasi va maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini oshirish, ularning fidokorona mehnatini munosib qadrlash kelgusida ham eʼtiborimiz markazida bo‘ladi.

 

Ishonchim komil, prokuratura xodimlari qonun himoyasi – bu xalq va Vatan himoyasi kabi muqaddas burch ekanini chuqur anglab, zimmalaridagi g‘oyat masʼuliyatli va sharafli vazifani bundan buyon ham samarali ado etadilar.

 

Sizlarni kasb bayramingiz bilan yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga mustahkam sog‘liq, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka, qonun va adolat ustuvorligini taʼminlash yo‘lidagi ishlaringizda ulkan zafarlar tilayman", deyiladi tabrikda.

Saida Mirziyoyeva Toshkent arxitektura-qurilish universiteti faoliyati bilan tanishdi

Saida Mirziyoyeva Toshkent arxitektura-qurilish universiteti faoliyati bilan tanishdi

Saida Mirziyoyeva zamonaviy va yashil shaharlarni barpo etishda yangi avlod arxitektorlari, loyihachilari va muhandislarini tayyorlash muhimligini ta’kidladi.

Gaz zaxiralari ko‘paytiriladi: geologik-qidiruv ishlari 5 barobarga oshiriladi

Gaz zaxiralari ko‘paytiriladi: geologik-qidiruv ishlari 5 barobarga oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev neft va gaz tarmog‘idagi yirik loyihalar bilan tanishdi.

Toshkentda 100 ta hojatxona tashkil etiladi: loyihaga 140,4 mln so‘m ajratilishi mumkin

Toshkentda 100 ta hojatxona tashkil etiladi: loyihaga 140,4 mln so‘m ajratilishi mumkin

Sanitariya-gigiyena shoxobchalari soddalashtirilgan tartibda davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etiladi.

75 mln so‘mlik jinoyat ishi: «Sirojiddin media» rahbari qamaldi

75 mln so‘mlik jinoyat ishi: «Sirojiddin media» rahbari qamaldi

U firibgarlik va tovlamachilik moddalari bo‘yicha aybdor deb topilgan.

Nobel – 2026: 3 nafar optogenetika asoschilari mukofotlandi

Nobel – 2026: 3 nafar optogenetika asoschilari mukofotlandi

Ularning tadqiqotlari yordamida yorug‘lik orqali nerv hujayralarini aniq faollashtirish yoki faolsizlantirish imkoniyatiga erishildi.

O‘zbekistonda Xitoy universiteti filiali ochiladi

O‘zbekistonda Xitoy universiteti filiali ochiladi

Taʼlim o‘zbek, xitoy yoki ingliz tillarida kunduzgi va muqobil shakllarda olib boriladi.

Shavkat Mirziyoyev Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilarni tabrikladi

Shavkat Mirziyoyev Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan o‘zbekistonlik sportchilarni tabrikladi

Milliy terma jamoa 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza medali bilan Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va Hindistondan keyin beshinchi o‘rinni egallagandi.

O‘zbekistonliklar uchun Latviya vizasi: cheklov taklif qilindi

O‘zbekistonliklar uchun Latviya vizasi: cheklov taklif qilindi

Bunga ayrim o‘zbekistonliklarning mamlakat hududida voyaga yetmaganlarga qarshi sodir etgan jinoyatlari sabab bo‘lgan.

Prezident prokuratura xodimlarini tabrikladi | Zamon.uz