Pekinda O‘zbekiston-Xitoy taʼlim forumi o‘tkaziladi
Unda qator hamkorlik shartnomasi imzolanishi kutilmoqda.

22–23 yanvar kunlari Xitoy poytaxti Pekin shahrida Birinchi O‘zbekiston-Xitoy taʼlim forumi o‘tkaziladi. Unda ikki mamlakat tomonidan 100 dan ortiq oliy taʼlim muassasalari rahbarlari, ilm-fan vakillari, vazirlik va idoralar masʼullari ishtirok etadi.
Forumda O‘zbekiston-Xitoy universitetlari o‘rtasida oliy taʼlim va ilm-fan yo‘nalishidagi aloqalarni jadallashtirish, o‘zbekistonlik talabalarning xitoy tilini chuqurroq o‘rganishlari uchun imkoniyatlarni kengaytirish, taʼlimda sunʼiy intellektni joriy etish, muhandislik, qishloq xo‘jaligi, energetika, raqamlashtirish, kimyo sanoati yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlash, malaka oshirish, stajirovka o‘tash, spin-off korxonalarini tashkil etish, texnologiyalar transferini amalga oshirish, Xitoy texnologik parklari bilan o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilinadi.
Forum yakunida kadrlar tayyorlash, malaka oshirish, rivojlangan texnologik ishlab chiqarish sohalarining tajribasini O‘zbekiston oliygohlariga tatbiq etishga qaratilgan qator hamkorlik shartnomasi imzolanishi kutilmoqda.







