Nogiron onasiga aliment to‘lashdan bosh tortgan aka-singil 15 sutkaga qamaldi
62 yoshli nogironligi bo‘lgan ayol 815 ming so‘mlik alimentni to‘lamagan farzandlarini sudga berdi.

Maʼlum qilinishicha, FIB Quyi Chirchiq tumanlararo sudining 2023 yil 23 oktyabrdagi buyrug‘i bilan qarzdorlar D.U. va B.U.dan onasi D.U. foydasiga aliment undirish belgilangan. Ammo aka-singil bu majburiyatdan qochib, onasining taʼminoti uchun belgilangan aliment pulini to‘lashdan bosh tortib kelishgan.
Aka-singil bu qilmishi uchun jazoga tortildi: mehnatga layoqatsiz va moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan ota-ona uchun aliment pullarini to‘lashdan bosh tortganligi sababli qarzdorlarga nisbatan MJtKning 47-5 moddasiga asosan 15 sutka qamoq jazosi tayinlangan.







