“Yallama” chegara bojxona postida hujjatsiz tovarlar fosh bo‘ldi
Mercedes Benz avtomobilida 1 mlrdlik simsiz portativ dinamiklar borligi aniqlangan.

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi “Yallama” chegara bojxona posti orqali “Mercedes Benz” rusumli yuk avtotransport vositasida O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan masʼuliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga olib kelinayotgan yuklar bojxona nazoratidan o‘tkazildi.
Bojxona posti xodimlari hamda bojxona audit bo‘limi xodimlari tomonidan tashkilotning ishonchli vakili hamda xolislar ishtirokida o‘tkazilgan bojxona ko‘rigi davomida, yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan, qiymati 1 mlrd. 150 mln. so‘mlik 30 dona simsiz portativ dinamiklar borligi aniqlandi.
Jismoniy va yuridik shaxslar amaldagi tartiblarga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasini kesib o‘tishda o‘zlari bilan olib ketayotgan tovar va moddiy boyliklarni belgilangan meʼyorlar asosida ishonchli va to‘g‘ri deklaratsiyalanishi uchun qonun hujjatlarga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom etmoqda.







