Britaniyada ish imkoniyatlari kengayadi: muhandis va bitiruvchilar ham jalb etilishi mumkin
So‘nggi uch yilda 14 mingdan ortiq o‘zbekistonlik Buyuk Britaniyaga mavsumiy ishga yuborilgan.

O‘zbekiston Migratsiya agentligi va Buyuk Britaniyaning Adolatli mehnat sharoitlarini ta’minlash agentligi (Fair Work Agency — FWA) mehnat huquqlarini himoya qilish hamda hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
23-noyabr kuni tomonlar videokonferensiya orqali uchrashib, o‘zbekistonliklarni Britaniyaga mavsumiy ishlarga tartibli jalb etish, ularning mehnat huquqlarini himoya qilish va hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ko‘rib chiqdi.
Migratsiya agentligi ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi uch yilda 14 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarosi Buyuk Britaniyaga mavsumiy ishga yuborilgan. Kelgusi mavsum uchun nomzodlarni saralash maqsadida britaniyalik operatorlarning O‘zbekistonga kelishi rejalashtirilmoqda.
Uchrashuvda FWA vakillari mavsumiy ishchilarni jalb qiluvchi operatorlarning litsenziya talablariga rioya etishi va xodimlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi haqida ma’lumot berdi. O‘zbekiston tomoni esa fuqarolarni safar oldidan Britaniya mehnat qonunchiligi, shartnomalar, ish va yashash sharoitlari bo‘yicha maxsus tayyorlashni taklif qildi.
Shuningdek, tomonlar hamkorlik memorandumining yangilangan loyihasi va uni imzolashga tayyorgarlik masalalarini muhokama qildi. O‘zbekiston litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklarining xorijda ishga joylashtirishdagi ishtirokini bosqichma-bosqich kengaytirish rejalarini ham taqdim etdi.
Bundan tashqari, ingliz tilini biladigan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari, muhandislar va boshqa malakali mutaxassislarni Britaniya kompaniyalariga ishga joylashtirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Britaniya tomoni bu taklifni vakolatli idoralarga yetkazish va keyingi maslahatlashuvlarni muvofiqlashtirishga tayyorligini bildirdi.








