Abbosbek Fayzullayev “Bavariya”ga o‘tishi mumkin
Klub unga qiziqish bildirmoqda.

O‘zbekiston milliy jamoasi yarimhimoyachisi Abbosbek Fayzullayev “Bavariya” klubiga o‘tishi mumkin. Klub unga qiziqish bildirmoqda.
Rossiyalik futbol agenti Anton Smirnovning xabar berishicha, “Bavariya” Abbosbek Fayzullayevga O‘zbekiston U23 safidagi o‘yinlaridan keyin eʼtibor qarata boshlagan. Fayzullayev nemis klubi skaut xizmatining diqqat markazida turibdi.
20 yoshli yarimhimoyachi O‘zbekiston yoshlar jamoasi safida Osiyoda chempion bo‘lib, JCHda ishtirok etgach, 2023 yilning avgust oyida “Paxtakor”dan 500 ming yevro transfer puli evaziga SSKA klubiga ko‘chib o‘tgandi. U o‘tgan yarim yil ichida Moskva jamoasida 4 marta oyning eng yaxshi o‘yinchisi deb topildi. U bu orada klubida 18 o‘yinda 2 ta gol va 9 ta assistga mualliflik qildi.
Transfermarkt portali Fayzullayevning transferini 4 million yevroga baholagan.







