Samarqandda Sport boshqarmasi xodimi pora bilan ushlandi
U pul evaziga fuqaroni o‘qishga kiritmoqchi bo‘lgan.

Samarqandda universitetga o‘qishga kiritib qo‘yish va esdalik nishoni olib berishni vaʼda qilgan firibgar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, viloyat Sport boshqarmasi bosh mutaxassisi Sh.K. fuqaro Sh.R.ga “Eng yaxshi xizmatlari uchun” esdalik nishoni olib berishi hamda fuqaro N.B.ni tanishlari yordamida Qarshi iqtisodiyot va pedagogika universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 3400 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.







