Sirdaryodagi noqonuniy qurilma bo‘yicha izoh berildi
Maʼlum bo‘lishicha, yangi bino qurilishida pudratchi tomonidan qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi qurilish nazorat qilinmayotgani aytilgan xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Qurilish vazirligi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, ushbu obyekt Guliston shahar “Namuna” MFY Birlashgan ko‘chasida joylashgan "Yoshlar mehnat guzari" binosi hisoblanadi.
Obyekt 2022 yil 20 mart kuni “Shaffof qurilish" milliy axborot tizimidan ro‘yxatidan o‘tgan, ammo “Qurilishda davlat nazorati” milliy axborot tizimi orqali qayta ro‘yxatdan o‘tkazilmagan.
Holat Jizzax viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi hamda loyiha tashkiloti mutaxassislari tomonidan borib o‘rganilganda pudratchi tomonidan qurilishda quyidagi qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi:
➖obyektda malakali mutaxassis (prorab) mavjud emas;
➖yashirin ishlarni guvohlash dalolatnomalari rasmiylashtirilmagan;
➖poydevor osti ishlari uchun F-8 va akt razbivka hujjatlari mavjud emas;
➖poydevorning beton ishlari notekis va tashqi vertikal gidroizolyatsiya ishlari sifatsiz bajarilgan;
➖binoning 1-qavati 3-4 o‘qlari A va B kesishmasida tasdiqlangan loyiha hujjatlarida qavatlararo zinapoya va zinapoya maydonchalari o‘rni loyiha bilan kelishilmasdan o‘zboshimchalik bilan binoning konstruktiv holatiga o‘zgartirish kiritilgan;
➖ 3-qavatdagi ikkinchi o‘q B-B kesishmasidagi quyilgan temir-beton ustunlarning o‘zaro gorizontal va vertikal o‘qlardan 5-6 sm qochgan;
➖beton uchun sinov – laboratoriya xulosalari pudratchi tomonidan taqdim etilmadi.
Maʼlumot uchun, bugungi kunda mazkur obyektda qurilish ishlari to‘xtatilib, buyurtmachiga ogohlantirish xati berilgan hamda ushbu noqonuniy qurilmani bartaraf etish yuzasidan sudga daʼvo arizasi kiritilgan.







