Endi o‘qituvchilar ishini Milliy gvardiya nazorat qiladimi?
Tarmoqda tarqalgan xabarlarga vazirlik izoh berdi.

Ijtimoiy tarmoqda pedagoglar faoliyati boshqa tashkilotlar tomonidan nazorat qilinishi aytilgan xabarlar tarqalmoqda. Holatga Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi matbuot kotibi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Prezident boshchiligida 5 fevral kuni o‘tkazilgan ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda maktablardagi inspektor-psixologlar shtati Ichki ishlar vazirligidan Milliy gvardiya tizimiga o‘tkazilgan.
Shu munosabat bilan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Milliy gvardiya masʼul xodimlaridan iborat Ishchi guruh aʼzolari qator umumtaʼlim muassasalarida o‘quvchilarning darslardagi ishtirokini taʼminlash, ularning taʼlim-tarbiyasini ota-onalar va mahalla faollari bilan hamkorlikda tashkil etish bo‘yicha o‘rganish ishlari olib bormoqda.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi maktab o‘qituvchilari va xodimlarining ishga kelib-ketishi yoki boshqa mehnat majburiyatlariga amal qilish jarayonlari vazirlik va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan tartibga solinadi.
"Pedagoglar faoliyati boshqa tashkilotlar tomonidan nazorat qilinadi, degan mazmunda tarqatilayotgan xabarlar asossiz ekanini maʼlum qilamiz", deyiladi xabarda.







