Ombudsmanga qo‘shimcha vakolat berilmoqda
Prezident qarori bilan ayrim qonunlarga o‘zgartirishlar kiritildi.

Bugun, 19-fevral kuni Prezident tomonidan imzolangan Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, Vakil O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli ekanligi belgilandi.
“Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonuniga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, Qonunchilik palatasining deputati bir vaqtning o‘zida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlarining deputati bo‘lishi mumkin emasligi belgilandi.
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy Qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra:
Senat aʼzolari (senatorlar) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo‘shma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yo‘li bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — to‘rt kishidan saylanadi.
Senatning to‘qqiz nafar aʼzosi fan, sanʼat, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li fuqarolar orasidan Prezident tomonidan tayinlanadi.
Shuningdek, Senat va uning organlari majlislarida Markaziy bank boshqaruvi raisi ishtirok etishi mumkin.
Bundan tashqari, ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq Senat Raisi bo‘lishi mumkin emasligi belgilandi.
Senat Konstitutsiyaga muvofiq qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli.
Qonunchilik takliflarini tayyorlash, ko‘rib chiqish va ularni Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi Senatining Reglamentida belgilanadi.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.







