Yangiobod tuman hokimi o‘rinbosari 10 yilga qamaldi
U katta miqdorda pora olib qo‘lga tushgandi.

2023 yilning may oyida fuqaro Q.M. Yangiobod tumani hokimining v.b. o‘rinbosari Q.R. bilan til biriktirib, “Angren Mashal Servis” MCHJ rahbari U.T.ga shamol elektr stansiyalari qurish uchun 200 gektar yer maydonini olib berishni vaʼda qilib, evaziga 200 ming AQSH dollari talab qiladi.
Q.M. kelishilgan summaning yarmi, yaʼni 100.000 AQSH dollarini restoranlarning birida olgan vaqtida DXX tomonidan ushlanadi. Shuningdek, tadbir davom etkazilib, hokim o‘rinbosari ham qo‘lga olinadi.
JIB Yangiobod tuman sudi mazkur jinoyat ishini ko‘rib chiqib, Q.M.ga bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari (132.000.000 so‘m) miqdorida jarima va 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilishi jazosi, sobiq hokim o‘rinbosari Q.R.ga esa 3 yil muddatga davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari (132.000.000 so‘m) miqdorida jarima va 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.







