Buxoro amiri Sayid Olimxonning yaqin do‘sti kim edi?
Amir uni “Aziz Buxoro yulduzi” ordeni bilan taqdirlagan.

Ozarbayjon Milliy tarixi muzeyi bosh kuratori Mahfuza Zeynalovaning tadqiqotlariga ko‘ra, Buxoro amiri Sayid Olimxon bokulik neft sanoati arbobi, xayriyachi Hoji Zeynalabdin Tagiyev bilan yaqin do‘st bo‘lishgan. O‘zaro do‘stlik iltifoti sifatida hadya etilgan sovg‘alar natijasida hozirgi kunda Ozarbayjon Milliy tarixi muzeyida yurtimiz tarixiga oid ajoyib kolleksiyalar to‘plangan.
Muzeyda O‘zbekiston kolleksiyalaridan 300 ga yaqin eksponatlar taqdim etilgan. Ular orasida qadimiy etnografik buyumlar va qurol-yarog‘lar bor, biroq Buxoro amirining Zeynalabdin Tagiyevga hadya qilgan bebaho idishlar to‘plami kolleksiyaning durdonasi hisoblanadi.

Z. Tagiyevning qizi Leyla xonimni unashtirish marosimi uchun amir tomonidan sovg‘a qilingan 10 ta buyumdan iborat serviz alohida eʼtiborga loyiq. Eksponat 1898 yilga borib taqaladi. Ozarbayjonlik xayriyachi “Aziz Buxoro yulduzi” ordeni bilan ham taqdirlangan.
Sayid Olimxon Madanli Vodiga sayohat qilganida Bokudan o‘tib, doim do‘stini yo‘qlab turgan. Muzeyda saqlanayotgan Buxoro amirining 1896 yilda Bokuda olingan surati buning dalilidir.

“Zeynalabdin Tagiyev ham o‘z o‘rnida amir uchun maxsus sovg‘alar tuhfa etgan. Tarixiy qo‘lyozmalarda yozilishicha, bir kuni amirga shovqinsiz arava yoqib qoladi. Tagiyev uni darhol do‘stiga, yo‘rg‘a otlar va hatto izvoshchi bilan birga sovg‘a qiladi. Ular qalin do‘st edilar, bunga muzeydagi sovg‘alar dalolat beradi”, — deydi Mahfuza Zeynalova.
Eslatib o‘tamiz, ushbu loyiha WOSCU bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.







