"Oyi, uyimizda — begona kishi!"
Har bir inson yaxshi yashashni istaydi. Bu istak odatda turli “badal”lar evaziga amalga oshadi. Muhojirlik — Vatanni tark etganlar qismati. Gohida inson vatani, jondan aziz oilasini tashlab, tirikchilik va ro‘zg‘or g‘amida uzoqlarga ketishga majbur bo‘ladi. Hatto farzandining iliq taftini his qilish, ilk so‘zi va qadamini ko‘rishdan mosuvo bo‘lganlar qancha?! Biz shunchaki MUHOJIRlar deb ataydigan qatlam soni dunyoda yil sayin ortib bormoqda. Bugungi mulohazalarimiz shu haqda.

Qariyb 2,5 milliondan ortiq o‘zbekistonlik — muhojirlikda. Ularning aksariyati — erkaklar. Oilasidan olisda, yaqinlari mehridan mosuvo yashash nafaqat ularni, balki ularning yaqinlari — ota-onasi, ayoli va farzandlarini ham qiynaydi.
Shahlo Jo‘rayeva, 35 yosh, Farg‘ona:
— Turmush o‘rtog‘im 12 yildan beri Rossiyada ishlaydi. Shu vaqt oralig‘ida ikki nafar farzandli bo‘ldik. Bolalarimiz tug‘ilgandagi quvonchli xabarni ham telefon orqali yetkazganmiz. Hozir o‘g‘lim 7, qizim esa 4 yoshda. Dadasi ko‘z o‘ngida bo‘lmagani uchun ular turmush o‘rtog‘imning akasini “dada” deb katta bo‘lishdi. Pandemiya sabab orada xo‘jayinim 3 yilcha uyga kelolmadi. Kunlarning birida erim qaynotamga qo‘ng‘iroq qilib, O‘zbekistonga kelayotganini aytdilar. Bu xushxabarni eshitib, hammamiz birdek quvondik. Ayniqsa, bolalarimning quvonchi cheksiz edi.
...Turmush o‘rtog‘im yarim tunda uyimizga kirib keldilar. Erta tongda hovli supurayotsam o‘g‘lim yugurib kelib: «aya, uyimizda begona kishi yotibdi» deya hayratlandi. Nafasim bo‘g‘zimga tiqildi... O‘zimdan o‘tgan his-tuyg‘ularni o‘zim bildim, xolos. O‘g‘limga o‘sha “begona” dadasi ekani va kechasi Rossiyadan kelganini tushuntirdim...
Farzandlarim dadasi bilan telefon orqali muntazam muloqot qilib turishgan. Ammo oradagi vaqt, masofaning olisligi, ota va farzandlar orasidagi onlayn muloqot o‘zining salbiy taʼsirini o‘tkazmay qo‘ymadi. Bir haftagacha bolalarim dadasini «tan olmay» hammamizni qiynadi. Ayniqsa, kichik qizim, o‘ta injiq, alamzada bo‘lib, dadasini qabul qilishi ancha qiyin kechdi. Shu voqea bizga ancha saboq bo‘ldi. Turmush o‘rtog‘im yana bir yilcha chet elda ishladilar va butunlay bag‘rimizga qaytdilar. Shukrki, hozir oilamiz butun. Oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz. Ota-bolalar o‘rtasidagi munosabat ham iliqlashgan.
Javohir Kamolov, 15 yosh, Toshkent shahri:
— Ota-onam ajrashgan. Esimni tanibmanki, ikkalalari ham chet elda ishlaydi. Ammo birga yashashmaydi. Men buvim bilan qolganman. Buvim ham qarib qoldilar. Oxirgi yilda tez-tez kasal bo‘lib qolishyapti. Menga bir o‘y hech tinchlik bermaydi: agar buvimga nimadir bo‘lib qolsa, men kim bilan qolaman?..
Pulga muhtoj emasman. Ammo do‘stlarim ota-onasi haqida gapirganda, o‘ksib ketaman. Ota-onalar majlisi bo‘lganda orqamdan hech kim kelmaydi. Kasal bo‘lib qolsam, faqat buvim parvona bo‘ladilar.
Dadam bilan oxirgi marta yangi yil kuni gaplashganman. Onam bilan esa bir hafta avval. Avvallari tez-tez gaplashib turardik. Bir-ikki marta qo‘ng‘iroq qilsam, dadam ko‘tarmadilar, oyim esa ishi ko‘pligini, Telegram‘dan yozishimni aytdi. Shu bilan ularga deyarli telefon qilmay qo‘ydim.
Men ota-onam borligini his qilmay ulg‘ayyapman. O‘zim ota-ona mehriga tashna bo‘lganim uchunmi, ichimda yaxshi ota yashaydi. Kelajakda o‘sha mehribon otani yuzaga chiqaraman. Farzandlariga vaqt ajratadigan va mehr beradigan ota bo‘laman. Yaxshi oila boshlig‘i bo‘lishga harakat qilaman.
Maʼlumot o‘rnida: YUNISEF o‘tkazgan «Migratsiyaning bolalarga salbiy taʼsiri» deb nomlangan tadqiqot natijalariga ko‘ra, ko‘plab muhojir oilalarning (45 foiz) kamida ikki nafar farzandi vasiylar qarmog‘ida qolishadi. Ushbu bolalarning deyarli 63 foizi onalari bilan yashaydi, chunki muhojir otalar ko‘proq ishlab, oilalariga ko‘proq pul yuborishadi.
Sherzod Qoraboyev, 49 yosh, Andijon viloyati:
— 10 yil Koreyada ishladim. 2-3 yil oralatib, O‘zbekistonga borib turdim. Topganim uy-joy, mashina, yaxshigina daromad bo‘ldi. Ammo eng katta baxtim — oilamdan ayrildim. Chetga ketmasimdan avval oilam bilan tuman markazida — “dom”da yashardik. Ayolim va qizlarim o‘zlari yolg‘iz qolishmasin degan maqsadda qishloqqa — ota-onamnikiga tashlab ketdim. Lekin oradan ko‘p o‘tmay, xotinim ular bilan kelisholmay, “dom”ga ketib qoldi. Keyin ayolim qing‘ir yo‘lga yurayotgani haqida turli mish-mishlar eshita boshladim. Bu so‘zlarga parvo qilmadim, ayolimga juda ishonardim. Orada bu kabi mish-mishlar ota-onamni ham qulog‘iga yetib bordi. Bilasiz, qishloq sharoitida bunday gaplar juda tez tarqaladi. O‘zi bilan gaplashsam bu gaplar tuhmatligi, ishonmasligimni aytdi. Ammo uyimdagilar «bizga bunday kelinning keragi yo‘q, ajrashasan» deb oyoq tirab turib oldi. Ota-onam bir yon, turmush o‘rtog‘im va bolalarim bir yon bo‘lib ikki o‘t orasida qolib ketdim. Noiloj, yoshi ulug‘ ota-onamning yo‘rig‘iga yurdim.
...Xullas, Koreyani “yig‘ishtirib” O‘zbekistonga qaytdim. Boshqa ayolga uylandim. Ajrashayotganimda ikki qizim ham ko‘zimga ko‘rinmadi. Afsus, mana uch yildirki, farzandsizman. Endi uyimdagilar o‘sha paytda odamlarning gap-so‘zlari va mish-mishlarga bekor ishonishganini aytishmoqda. Biroq endi kech... Men uchun ortga yo‘l yo‘q.
Farida Qo‘ziyeva, 33 yosh, Farg‘ona:
— Bundan 4 yil avval qo‘limdagi 3 yoshli bolamni qaynonamga tashlab, er-xotin Rossiyada ishlagani kelganmiz. Bu yerda bir tanishimizning do‘konini yuritamiz. Boshida kelganimizda juda qiynalganmiz. Ayniqsa, farzand, yaqinlar va Vatan sog‘inchi kishini yeb-bitiradi. Kelgan yilimiz rosa ko‘p O‘zbekistonga qaytib ketmoqchi bo‘lganman. Lekin... qolishga, ishlashga majbur edim.
Shukrki, qiyinchiliklar ortda qoldi. Yaqinda ikkala farzandimizni ham olib keldik. Bu yerda maktab va bog‘chaga joyladik, turli to‘garaklarga borishadi.
Qarindoshlar, yoru do‘stlar bilan telefon orqali gaplashib turamiz. Ammo baribir, o‘zbekchilikda issiq-sovuq marosimlar bor. Shu kezlari vijdonim qiynaladi. Ota-onamni ko‘proq sog‘inaman.
Aslida, yaxshi ish, mo‘may daromad, mehnatga yarasha haq bo‘lsa, hech bir kishi to‘rva xaltasini orqalab chet elga chiqib ketmaydi. Xo‘jako‘rsinga o‘tkazilayotgan mehnat yarmarkalari, eshigiga odam yo‘lamaydigan, maoshini eshitsa qochadigan ish beruvchi tashkilotlar, ishga kirishdagi tanish-bilishchilik va korrupsiya... vatanini tark etayotgan o‘zbeklar sonini ko‘paytirmoqda. Yuqorida sanab o‘tilgan illatlarga barham berilsa (ayrim) tirik ketgan hamyurtlarimizning jasadi chegarada sarson bo‘lmas, butun boshli oila bo‘zlab qolmasdi.
Bahriniso Madumarova







