O‘zbekistonda ramazon oyi 11 martdan boshlanadi
Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, o‘tgan haftada O‘zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va Ozarbayjon kabi turkiy davlatlar Fatvo hayʼatlarining onlayn majlisi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda ulamolar va soha mutaxassislari tomonidan ramazon oyi hilolini kuzatish bo‘yicha qilinayotgan ishlar, falakiy hisob-kitoblar, astronomik maʼlumotlar atroflicha tahlil qilindi. Shuningdek, dunyodagi yirik fatvo idoralari va nufuzli astronomiya institutlari axborotlari batafsil ko‘rib chiqildi.
Turkiy davlatlar ulamolari fiqhiy qoidalarga tayangan holda falakiy hisob-kitob va astronomik kuzatuvlarni eʼtiborga olib, hijriy 1445 yil ramazon oyining birinchi kuni milodiy 2024 yil 11 mart, dushanba kuniga to‘g‘ri kelishi haqida yakdil fikrga keldi.







