21-aprel kuni Toshkentda xalqaro marafon o‘tkaziladi
Unda 32 ta davlatdan ishtirokchilar qatnashadi.

Toshkent 32 ta davlatning professional sportchilari va havaskor yuguruvchilar ishtirokida o‘tkaziladigan BYD Toshkent xalqaro marafoniga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Joriy yilning 21-aprel kuni tashkil etiladigan mazkur anʼanaviy bahorgi 6- BYD Toshkent xalqaro marafoni 6 mingga yaqin yuguruvchini qabul qiladi.
Bugungacha 2 mingdan ortiq ishtirokchi Toshkent marafonida qatnashish uchun o‘z arizalarini topshirdi.
O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi tashabbusi bilan marafonda ishtirok etish uchun yaqin va uzoq xorijdan yetakchi sportchilar taklif etildi.
Toshkent marafoni qisqa fursatda yuqori tashkilotchilik tufayli World Athletics Label maqomiga ega bo‘ldi. Xalqaro yengil atletika federatsiyalari assotsiatsiyasining (World Athletics) rasmiy musobaqalar taqvimidan joy oldi. Xalqaro marafonlar assotsiatsiyasi (AIMS) tomonidan sertifikatlandi.
Shu kunlarda boshlanishiga bir oy atrofida vaqt qolgan marafon ishtirokchilarini ro‘yxatga olish Perfend.com onlayn platformasi orqali davom etmoqda.
Musobaqa dasturi klassik 42 km marafon, 21 km yarim marafon, shuningdek, 3 va 10 km masofalarni o‘z ichiga oladi.
Marafonning shiddatli bahslari boshlanishidan bir kun oldin, yaʼni, 20 aprel kuni bolalar uchun Kids Run yugurish musobaqasi va boshqa yosh guruhlari uchun ommaviy yugurishga asoslangan bayram tadbirlari o‘tkaziladi.
Xalqaro marafonlar assotsiatsiyasi nizomida belgilangan talablar asosida marafonda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish badali quyidagi qiymatlarda belgilangan.
– Kids Run (1 km.) va shimoliy yurish (3 km.) – 150 ming so‘m;
– 3 km. – 150 ming so‘m;
– 10 km. – 190 ming so‘m;
– Yarim marafon (21 km.) – 250 ming so‘m;
– Marafon (42 km.) – 350 ming so‘m.







