Ochiqlik indeksida qaysi tashkilot yetakchi?
2023-yil yakunlari bo‘yicha Ochiqlik indeksi natijalari eʼlon qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov O‘zbekistonda ochiqlikni taʼminlash borasida erishilayotgan natijalar xususida maʼlumot berdi.
Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi 7 yilda (2017-2023 yillarda) qabul qilingan 180 ta normativ-huquqiy hujjatlar asosida 300 dan ziyod u yoki bu turdagi ochiqlik va shaffoflik mexanizmlari joriy etildi.
Buning samarasi o‘laroq, misol uchun, davlat xaridlari to‘g‘risidagi maʼlumotlarning ochiq eʼlon qilinishi natijasida Agentlik tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida 138 ta holatda yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilishlari bartaraf etilib, 110 mlrd so‘mlik davlat xaridlari bekor qilingan.
123 ta davlat organlari va tashkilotlarida 615 dan ortiq korrupsiya holatlari haqida xabar berish imkonini beruvchi aloqa kanallari ochiq eʼlon qilindi.
2023 yil yakunlariga ko‘ra, 93 ta vazirlik va idoralar rasmiy veb-saytlari monitoringdan o‘tkazilib, vazirlik va idoralarga ochiqlikni taʼminlash sohasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish to‘g‘risida 44 ta taqdimnoma yuborilishi taʼminlandi.
Natijada vazirlik va idoralarning 16 nafar masʼul xodimi intizomiy javobgarlikka tortilib, 7 nafari ogohlantirildi, 5 nafariga “hayfsan” intizomiy jazosi qo‘llanildi hamda 4 nafari bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi.







