Zapravkalarda metan narxi oshganiga izoh berildi
Vazirlik tarmoqda tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda “metan zapravka”larda gaz narxi 3 800 so‘mga ko‘tarilgani haqida xabarlar eʼlon qilindi. Ushbu holat Energetika vazirligi huzuridagi «O‘zenergoinspeksiya» tomonidan zudlik bilan o‘rganildi.
Maʼlum bo‘lishicha, bu holat Farg‘ona shahridagi Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida kuzatilganligi aniqlangan.
«O‘zenergoinspeksiya»ning Farg‘ona viloyat hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan ushbu AGTKSH masʼullariga tushuntirish ishlari o‘tkazildi va “metan” gazning 3 350 so‘mdan sotilishi taʼminlangan.
Bugun, shuningdek, Surxondaryo va Andijon viloyatlarida ikkita AGTKSHda shunday holat kuzatilgan bo‘lib, ular ham «O‘zenergoinspeksiya»ning hududiy boshqarmalari tomonidan bartaraf etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 30 martdagi 173-sonli qarori bilan Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida tabiiy gazni sotishda uning eng baland chakana narxi 2024 yil 1 iyungacha bir kub metr uchun 3 350 so‘m qilib belgilangan.
"Shu o‘rinda AGTKSH masʼullaridan ushbu qaror talablariga qatʼiy rioya qilgan holda faoliyat yuritishlarini, aks holda mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda noqonuniy faoliyatga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishini maʼlum qilamiz", deyiladi xabarda.







